Amerikaning premium-klass tovarlarga ixtisoslashgan nufuzli univermagi Neiman Marcus eng g‘ayriodatiy va qimmatbaho sovg‘alarning navbatdagi “Rojdestvo katalogi”ni chiqardi, deb yozadi InsiderPro nashri.
Katalogning eng qiziqarli bo‘limlaridan biri — “Fantaziya chegarasi” bo‘limi bo‘lib, unda hamma narsasi bor multimillionerlarga noyob hashamat buyumlari, ming, hatto million dollarlik yo‘llanma va taassurotlar taklif qilinadi.
Xo‘sh 2017-yil katalogiga nimalar kiritilgan?
“Suvga ayirboshlanadigan qog‘oz” origami
Narxi: bir buyum uchun 50 dollar, 250 ta buyum uchun 50 ming dollar
Ushbu xayriya hadyalari toza suv yetishmaydigan joylarda quduqlar qurishni moliyalashtiradigan notijorat tashkilot tomonidan taqdim etilgan. Daromadning 100 foizi Paper For Water notijorat tashkiloti foydasiga ketadi.
Madame Alexander qo‘g‘irchoqlari va KidKraft qo‘g‘irchoq uyi
Narxi: 8 ming dollar
Dekabr oyida Madame Alexander markasidagi sakkizta qo‘g‘irchoq va KidKraft’dan Grand Anniversary qo‘g‘irchoq uyini olasiz. Keyingi yil davomida sizga yana 11 ta qo‘g‘irchoq, kelgusi yil noyabrida esa bonus — shaxsan siz uchun tayyorlangan qo‘g‘irchoqni yuborishadi.
Individual dizayndagi Olympia Le-Tan sumkalari va Parijga sayohat
Narxi: 25 ming dollar
Mashhur dizayner shaxsan siz uchun oltita sumka yaratadi. Bundan tashqari, Parijga uch kunlik sayohat ham sovg‘a ichiga kiradi.
Grey Malin bilan havo sarguzashti
Narxi: 35 ming dollar
Sovg‘a ikki kishi uchun Los-Anjeles bo‘ylab vertolyotda bir soatlik parvozni o‘z ichiga oladi. Bonus: mashhur fotograf Grey Malin siz bilan birga sayohatga yo‘l oladi. Ikki kecha mehmonxonada tunash ham yuqoridagi qiymat ichida.
Sisley fransuz kosmetika kompaniyasi shtab-kvartirasi bo‘ylab ekskursiya (plyus brendning 8 ming dollarlik mahsuloti)
Narxi: 60 ming dollar
Sovg‘a Parijga uch kunlik safar, spa-salonga tashrif, d’Ornano oilasi a’zolaridan biri bilan uchrashuv va sakkiz ming dollarlik Sisley mahsulotlari to‘plamini o‘z ichiga oladi.
Armand de Brignac’da degustatsiya va o‘z shapman vinosini yaratish
Narxi: 150 ming dollar
Bu sayohat Armand de Brignac vinochilik korxonasiga to‘rt kishilik tashrif bo‘lib, u yerda sizni muassasa tokzorlari va yerto‘lalari bilan tanishtirishadi. Shundan so‘ng o‘z shampan vinongizni yaratishni taklif qilishadi. Shuningdek, Parijga birinchi klassda parvoz, Shampan provinsiyasigacha vertolyot, L’Assiette Champenoise restoranida kechki taom va Chateau Domaine Les Crayeres butik-mehmonxonasida tunash sovg‘a qiymatiga kiradi.
Mashhur golfchi Jim Furik bilan Rayder kubogi
Narxi: 250 ming dollar
To‘rt kishi AQShning golf bo‘yicha termasi kapitani Jim Furikning Rayder kubogida ishtirok etishi mumkin. Sovg‘a birinchi klass aviachiptalari, mashinalar, hashamatli mehmonxonalarda xonalar, kechki ovqatlar, shaxsiy konsyerj, Rayder kubogiga chiptalar va Furik bilan muloqotni o‘z ichiga oladi.
Stiven Vebster bilan mahorat darsi va 7,2 karatli shaxsiy zumrad
Narxi: 300 ming dollar
Ushbu sovg‘a Zambiyaga, zumrad ishlab chiqaruvchi eng yirik dunyoviy kompaniya koniga tashrif buyurish, shuningdek, Anantara tarmog‘ining The Royal Livingstone mehmonxonasida ikki kunni ko‘zda tutadi. Shundan so‘ng Londonda Stiven Vebster bilan 7,2 karat og‘irlikdagi shaxsiy zumradingizni yaratish hamda usta va uning rafiqasi bilan tushlik qilish imkoniga ega bo‘lasiz.
Rolls-Royce’ning cheklangan seriyadagi bir juft avtomobili
Narxi: 439 625 dollar (moviysi) va 445 750 dollar (to‘q sariq rangi)
Haqiqatda hashamatli sovg‘a — Rolls-Royce’ning V12 dvigatelli qo‘lda terilgan ikki avtomobili. Qoplamasi qo‘lda tikilgan, radiatori kumush rang panjarali.
Tayms-skverdagi Knickerbocker mehmonxonasida yangi yil
Narxi: 1 600 000 dollar
Tayms-skverda tom ustidagi 300 kishilik yangi yil bazmi — katalogdagi eng qimmat sovg‘a. Mehmonxonaning 150 ta xonasi ikki kechaga band qilingan. Bundan tashqari, bazm uchun kerakli barcha narsalar, ichimliklar, kechki taom va didjey ham paket ichiga kiradi.
Izoh (0)