1989-yil 21-oktabr kuni O‘zbekiston parlamenti “Davlat tili haqida”gi qonunni qabul qilishi bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan. Bu — O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi yo‘lidagi ilk qadam, debocha edi. Davlat tili haqidagi qonunning 1-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”, — deb yozib qo‘yilgan. 1992-yil 8-dekabrida O‘zbekiston Konstitutsiyasining qabul qilinishi o‘zbek tilining maqomini yanada mustahkamladi. “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”, — deyiladi Asosiy Qonunning 4-moddasida ham.

Birgina til uchun alohida qonun, Asosiy Qonunda alohida modda bo‘lishi yaxshi, albatta. Lekin, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinovning so‘zlari bilan aytganda, “qonunni chiqarib qo‘yish mumkin, lekin u ishlamasa — qonunmi?!”. “Men nimani davlat tili deb bilaman?, — deya savol qo‘yadi Zuhriddin Isomiddinov. — Davlat ishlari qaysi tilda yuritilayotgan bo‘lsa, o‘sha til — davlat tili”. Zuhriddin domlaning bu fikrlari bilan tanishib, “Davlat ishlari qaysi tilda yuritilayotgan ekan?”, — degan savol tug‘ilishi tabiiy. Haqli savolga haqiqiy javob shu — davlat tilidan tashqari rus tilida.

Buning tasdig‘ini topish uchun ko‘p ham uzoqqa borish va qiynalishga hojat yo‘q. Jamoatchilik oktabr o‘rtalaridan beri gaz ballonli avtomobillar va gaz to‘ldirish shoxobchalariga nisbatan yangi talablar belgilangan hukumat qarorini muhokama qilmoqda. 815-sonli bu qaror 11-oktabr kuni imzolangan va 13-oktabr kuni “Lex.uz” — O‘zbekiston Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi. “Davlat tili haqida”gi qonunning 8-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi”, deb belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, hukumatning bu qarori faqat rus tilida e’lon qilingan.

Oradan bir hafta o‘tganiga qaramay, hamon jamoatchilik diqqat-markazida turgan qarorning o‘zbek tilidagi talqini “Lex.uz”da e’lon qilingani yo‘q. To‘g‘ri, “Davlat tili haqida”gi qonunning 8-moddasi davomida: “Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi”, deyilgan. Ya’ni hujjatlarning boshqa tillardagi tarjimalari e’lon qilinishi mumkin. Lekin ular, qonunda nazarda tutilgan talab bo‘yicha, davlat tilida — ayni vaziyatda o‘zbek tilida — yozilgan, qabul qilingan va e’lon etilgan hujjatning tarjimasi bo‘lishi kerak.

Hujjatlarning davlat tilidan boshqa tilda qabul qilinishi va e’lon etilishi, juda ko‘p bo‘lmasa ham, faqat kecha yo bugun uchrayotgan yakkash holat emas, afsuski. Biroz ortga, bir yil avvalgi jarayonlarga qaytsak, ushbu maqolada so‘z yuritilayotgan masala yuzasidan o‘sha vaqtda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yetakchisi sifatida O‘zbekiston Prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ygan Sarvar Otamurotovning saylovoldi dasturi davlat tilining o‘rni, ahvoli haqidagi joriy fikrlarni dalillaydi. Otamurotovning dasturida “davlat tili” birikmasi ikki marta, “o‘zbek tili” kalimasi ham xuddi shuncha marta takrorlangan (qolgan nomzodlarning saylovoldi dasturlarida bunday so‘zlar uchramaydi).

Otamurotov o‘z saylovchilariga “tilimiz[ning]... davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlashga va uning to‘la amal qilishiga erishish[ga]... yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish”ni va’da qilgandi. Otamurotov o‘z saylovchilariga “fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zining haqiqiy o‘rnini egallashi” uchun kurashishini aytgan edi. Otamurotov “ommaviy muomalada, ko‘chalarda joylashtirilgan tashqi yozuvlarda, reklama va e’lonlarda, ommaviy axborot vositalarida o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishi”ni ta’kidlagan edi. Agar O‘zbekiston Prezidenti etib saylansa.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Gap Otamurotovning Prezident etib saylangan-saylanmagani haqida emas. U va’da qilgan narsalar endi hech qachon ro‘yobga chiqmaydi, degan fikr ham yo‘q. Yo‘q. Gap — amaldagi hokimiyat vakili (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari) O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritishidan ikki yil avval davlat tili maqomini “qo‘lga kiritib” bo‘lgan o‘zbek tili oradan shuncha yil o‘tsa-da, davlat tili sifatida to‘la amal qilmayotganini tan olganida; o‘zbek tili bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya kabi muhim tarmoqlarda hali ham haqiqiy o‘rnini egallamaganini ta’kidlayotganida. Otamurotov hozir Oliy Majlisdagi vakolatlari doirasida bu va’dalarni bajarish yuzasidan biror harakat qilyaptimi — bunisi noma’lum, lekin bir yil avval shu fikrlarini bildirgani uchun hozir ham rahmat aytsa arziydi.

O‘zbek tilidan boshqa tillarga xusumat yo g‘araz yo‘q, aslo. Kishi qanchalik ko‘p til bilsa, nafaqat o‘ziga, balki jamiyatga-da faqat foyda. Shuning uchun ham fuqarolarning yaqin va uzoq xorij mamlakatlari tillarini o‘rganishga bo‘lgan intilishlarini doimiy qo‘llab-quvvatlash lozim. O‘zbekistonda shunday qilinyapti ham. Lekin bu jarayon davlat tili maqomidagi “muloqot vositasi”ning “qonuniy huquqlari”ga daxl qilmay, aksincha, bu “huquqlar”ning to‘la ro‘yobga chiqarilishi bilan hamohang tarzda olib borilsa, nur ustiga a’lo nur, nazarimda. Ana shundan so‘ng Zuhriddin domla aytgan ikkinchi masalani hal etishga jiddiy kirishsa bo‘ladi: “Ona tilimizni davlat tili qilish — bosh masala bo‘lishi kerak. Ana undan keyin, menga desa mixxat bilan yozilsin, oromiy bilan yozilsin, arab imlosi bilan yozilsin, lotinda yozilsin — u ikkinchi darajali masala”.

O‘zbek tili bayrami qutlug‘ bo‘lsin!