Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” futbol klubi Osiyo Chempionlar Ligasining finaliga yo‘l oldi va klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida ishtirok etish uchun navbatdagi qadamni tashladi.
Yarim finalda klub Eronning “Persipolis”i bilan duch keldi. Tomonlarning Dubayda kechgan ilk o‘yinida saudiyaliklar yirik hisobda ustun kelgandi — 4:0. Muskatdagi javob uchrashuvi jangovor durang bilan yakun topdi — 2:2.
Suriya milliy terma jamoasi hujumchisi Umar Xarbin Dubaydagi o‘yinda xet-trik qayd etgan bo‘lsa, javob bellashuvida “Al-Hilol”ning har ikkala goliga ham mualliflik qildi.
“Al-Hilol” va “Persipolis” guruh bosqichida ham o‘zaro to‘qnash kelgan bo‘lib, har ikki o‘yinda ham g‘olibni aniqlab bo‘lmagandi — 1:1, 0:0.
*Saudiya va Eron o‘rtasidagi nizo sabab, mazkur mamlakat jamoalari o‘zaro to‘qnashuvlarni neytral mamlakatlar, masalan, Ummonda, BAAda o‘tkazib keladi.
Finalning ikkinchi ishtirokchisi bugun — 18-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Urava Red” — “Shanxay SIPG” o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng aniq bo‘ladi. Odil Ahmedov to‘p suradigan Shanxay klubi o‘z maydonida raqibini yenga olmagandi — 1:1.
Osiyo Chempionlar Ligasi Yarim final 17-oktabr, seshanba
“Persipolis” (Eron) — “Al-Hilol” (Saudiya) 2:2
Gollar: Godvin Menha, 16 (1:0). Umar Xarbin, 30 (1:1). Godvin Menha, 62 (2:1). Umar Xarbin, 76 (2:2).Dastlabki o‘yin: 0:4Osiyo Chempionlar Ligasining g‘olibi shu yilning 6-dekabr kuni BAAda start oladigan klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida ishtirok etadi. Mundialda BAA chempioni “Al-Jazira” va Yevropa Chempionlar Ligasi g‘olibi sifatida Madridning “Real” klublari ham qatnashadi.
*“Al-Jazira” safida o‘zbekistonlik Sardor Rashidov to‘p suradi.
Izoh (0)