General Motors konserni modellari qatorida elektrosportkar paydo bo‘lishi mumkin. Bunga elektromobillarni rivojlantirish dasturining anonsi vaqtida kompaniya tomonidan tarqatilgan tizer sha’ma qilmoqda. Bu haqda GM Autohority blogiga tayanib, “Motor” xabar berdi.
General Motors konserni oktabr oyining boshida butunlay elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tishini ma’lum qilgandi. O‘shanda kelajakda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan bir qator modellarning tizeri namoyish etilgandi: bir necha modellar orasida kalta bazali, uzun kapotli va massiv yoyli orqa g‘ildirak bilan jihozlangan mashinani ko‘rish mumkin. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, yangi model Cadillac markasi ostida ishlab chiqariladi.
General Motors konsernidagi modellarni “elektrifikatsiya” qilish dasturining birinchi bosqichi yaqin 18 oy ichida yangi ikkita modelni seriyali ishlab chiqarish orqali boshlanadi. 2023-yilga borib konsern 20 turdagi elektromobillarni ishlab chiqara boshlaydi.