O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida Rossiyaning Vladimir viloyatida 6-oktabr kuni yuz bergan avtohalokat oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolariga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor guruh tuzildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Guruh malakali jarroh, neyrojarroh, travmatolog, ortoped, anesteziolog, nevrolog kabi mutaxassislardan tarkib topgan. Ular zarur tibbiy vositalar, dori-darmon zaxiralari bilan yetarli darajada ta’minlangan.
“Ayni vaqtga guruh Rossiya Federatsiyasiga uchib ketishga tayyor holatda”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida halokat oqibatida jabrlanganlarga yuqori malakali tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zaxira o‘rinlari tayyorlandi. Qo‘shimcha dori-darmon va tibbiy vositalar yetkazib berildi.
Izoh (0)