Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, Olmaota yaqinida qulagan An-28 samolyoti bortidagi besh kishidan ikki nafari Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Qirg‘izistonning Olmaotadagi bosh konsulligi shu munosabat bilan tezkor choralar ko‘rishga kirishib ketdi. Ular Qozog‘iston investitsiyalar va rivojlanish vazirligining transport tergovlari departamenti bilan bog‘lanib, marhumlarning tanalarini yurtiga qaytarish borasida muzokaralar olib bormoqda.
Fojia 3-oktabr kuni ro‘y berdi. Qozog‘iston IIV favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi vakili Ruslan Imanqulovga ko‘ra, Olmaotaning Ili tumanida mahalliy vaqt bilan 19:15 da sanitar aviatsiya yo‘nalishi bo‘yicha parvoz amalga oshirgan An-28 radarlardan yo‘qoldi. Bir soatdan so‘ng u qulagani va qulash chog‘ida olov olgani ma’lum bo‘ldi. Bortda besh kishi bor edi, ularning barchasi halok bo‘ldi.
Izoh (0)