Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In radio orqali oddiy suxandon sifatida chiqish qilib, mamlakat yo‘llaridagi vaziyat haqida axborot berdi. Ushbu harakati orqali prezident mamlakat aholisini hayratga soldi, deb xabar berdi “RIA Novosti”.
TBS-Radio saytining ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya yetakchisining ovozini 2-oktabr, dushanba kuni radioto‘lqinlar orqali eshitish mumkin bo‘lgan. Prezident o‘zini tanishtirgan va “Charchagan haydovchilar uchun eng ishonchli xavfsizlik kamari bu — hordiq. Agarda charchagan bo‘lsangiz, belgilangan joyga o‘tib dam oling va o‘z yo‘lingizni davom eting”, deya maslahat bergan. Shuningdek, prezident avtobus, taksi, poyezd haydovchilariga, uchuvchilarga va dengizchilarga salom yo‘llagan.
Ayni vaqtda Janubiy Koreyada yashovchilarning ko‘pchiligi kuzgi Chxusok ziyorat bayrami munosabati bilan marhum ota-bobolarining qabrlariga, shuningdek, qarindoshlarinikiga tashrif buyurganligi sabab mamlakat yo‘llarida bir necha kilometrli tirbandliklar paydo bo‘lgan.
Yonhap agentligining ta’kidlashicha, Mun Chje In o‘zining radiodagi chiqishi orqali xalqqa yaqinligini namoyish etmoqchi bo‘lgan.
Izoh (0)