Ispaniya La Ligasining 7-turidan joy olgan “Barselona” — “Las-Palmas” o‘yini qoldirilishi mumkin. Uchrashuv bugun — 1-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan 19:15 da start olishi kerak edi.
1-oktabr sanasi Kataloniyada mustaqillik referendumi kuni bo‘lgani sababli, shaharda g‘ala-g‘ovur avjida. “Championat.asia” nashrining Cadena Cope’ga asoslanib ma’lum qilishicha, saylov uchastkasi sifatida faoliyat olib borayotgan maktablarning birida otishma ro‘y bergan va 4 kishi jarohatlangan. Qurollangan shaxs pnevmatik o‘q otish moslamasidan foydalangani aytilgan.
Avvalroq Kataloniya politsiyasi saylovchilarni kuch bilan tarqatayotgani aytilgan bo‘lib, Ispaniya hukumati referendum qonuniy asosga ega emasligini ta’kidlayotgandi. Mazkur voqealar sabab “Barselona” La Liga rahbariyatidan “Las-Palmas”ga qarshi uchrashuvni qoldirishni so‘rab murojaat qilgan.
Bungacha “Las-Palmas” muxlislari Kataloniyaning bosh arenasi bo‘lgan “Kamp Nou”ga Ispaniya bayrog‘i tushirilgan futbolkalarda chiqib kelishi aytilgandi.
Izoh (0)