Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Birinchi Ligasida to‘p suradigan “Nurafshon” klubi 27-turni o‘tkazish uchun Toshkentga kela olmadi. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar berdi.
Buxoroning “Nurafshon” klubi mazkur turda “NBU-Osiyo”ga qarshi maydonga chiqishi kerak edi. Biroq raqibdan darak bo‘lmagan. PFL o‘z reglamentining 5-modda, 1-bo‘lim, 5,3 bandiga ko‘ra, “Nurafshon” futbol klubiga texnik mag‘lubiyat yozdi va “NBU-Osiyo”ga 3 ochko taqdim etdi. Shuningdek, o‘yinga kelmagani uchun “Nurafshon” futbol klubi moddiy jarimaga ham tortildi.
Jarima miqdori PFL saytida ko‘rsatib o‘tilmagan. Katta ehtimol bilan buxoroliklar Toshkentga moddiy ta’minot zaifligi sabab yetib kela olmagan bo‘lishi mumkin. PFL bu sababni ochiqlamagan. Odatda O‘zbekiston Birinchi Ligasida moliyaviy qiyinchiligi bor klublarning kuzga kelib safarga chiqa olmasligi yoki butunlay tarqalib ketishi holatlari kuzatiladi.
“Nurafshon” klubi yana bir marta shuday holatni takrorlasa, Birinchi Ligadan chetlashtiriladi.
Izoh (0)