O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Andijon viloyat boshqarmasi xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentning Andijon viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlari natijasida Andijon viloyatida 18800 dollarni sotayotgan fuqarolar qo‘lga olindi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” xabar berdi.
Fuqarolar Oybek Qahhorov va Gulbahor Mamadaliyeva oson va mo‘may daromad topishni ko‘zlab, xorijiy valyutaning noqonuniy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan. Ular har birini 8100 so‘mdan hisoblab, 20 ming AQSh dollarini 162 million so‘mga sotishga kelishgan. Shundan 18800 AQSh dollarini sotayotgan vaqtda ular ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 177-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)