Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 16–17-sentabr kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi, deb eslatadi O‘zA.
Qozog‘iston rahbari bugun, 17-sentabr kuni Turkmanistonga jo‘nab ketdi. Oliy martabali mehmonni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.
Avval xabar qilinganidek, tashrifning asosiy tadbirlari 16-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi.
Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Prezidentlar poytaxtdagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy maqbaralarini ziyorat qildi. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi. “O‘zekspomarkaz”da tashkil etilgan Qozog‘iston milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha turli sohalariga doir 10 dan ziyod hujjat imzolandi.
Izoh (0)