Bugun davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgan Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Oliy martabali mehmon Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Nursulton Nazarboyev Mustaqillik maydonining me’moriy yechimi, chuqur mazmun-mohiyatiga yuqori baho berdi.
Prezidentlar Toshkentdagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralarini ziyorat qildi.
To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbarasi Shayx Xovandi Tohur majmuasidagi ko‘hna qabristonning shimolida joylashgan. Maqbara pishiq g‘ishtdan, chortoq tarhli, qo‘sh qavat gumbazli qilib qurilgan. Manbaalarda qayd etilishicha, bu yerga To‘labiy Alibiy o‘g‘li dafn etilgan. Mustaqillik yillarida ushbu maqbara qayta ta’mirlanib, muqaddas qadamjolardan biriga aylantirilgan. O‘tganlar haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.
Ziyorat yakunida Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qilib, ikki mamlakat hamkorligida yangi bosqich boshlanganini ta’kidladi.
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ko‘p yillar faoliyat olib borgan Oqsaroy qarorgohiga tashrif buyurdi.
Nursulton Nazarboyev buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Izoh (0)