Samarqand davlat universitetida sirtqi bo‘limga hujjat topshirgani kelgan odamlar tartibsizlik qildi. Bu haqda Uz24 xabar bermoqda.
Facebook foydalanuvchilaridan biri “Samarkand i Samarkandsi” mazkur universitetda qabul komissiyasining ishi yaxshi tashkillashtirilmaganini ham tanqid qildi:
“Samarqand davlat universiteti jismoniy tarbiya fakultetining sirtqi bo‘limiga qabul bo‘yicha yozmoqchiman. Prezident universitetlarda sirtqi bo‘limlarni ochgandan so‘ng qandaydir ajiotaj boshlandi.
Bugun, 14-sentabr kuni hamkasblarim bilan SamDUga hujjat topshirgani bordik. Biz sport maktabida badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlaymiz. Sirtqi bo‘limga hujjat topshirgani soat 10:00 da keldik, hujjatlar shu vaqtda qabul qilinishi aytilgandi. Lekin biz u yerda 6 soat oftobda kuta-kuta, hech nima topshirmay qaytib ketdik.
Qabul komissiyasining ish tartibi yaxshi tashkillashtirilmagnidan va odamlarimizdan hayratga tushdik: odamlar bir-birini itargan, oyoqlarini bosgan, baqirgan, navbatsiz o‘tishga uringan, urishgan, talashgan”.
Muallifning yozishicha, hujjat topshirgani kelgan odamlarning aksariyati sportdan uzoq bo‘lib, shunchaki o‘qishni istayotgan kishilardir.
“SamDU nahotki tayyorgarlik ko‘rib, topshiriladigan hujjatlar, xonalar kabi ma’lumotlarni derazalarga ilib qo‘yishi mumkin emas? Hujjatlarni qabul qilish uchun alohida xonalar tashkil qilmaydimi, toki odamlar qayerga borishni bilmay, uzun navbatlar hosil bo‘lmasdi”, — deydi muallif.
Rektorat ularni tinchlantira olmagan. Natijada qabul komissisidagilar o‘rinlaridan turib ketgan. Universitetning boshqa xodimlari odamlarni tinchlantirishga uringan, lekin buni uddalay olmagan. Odamlar universitet binosi eshigining derazalarini sindirib yuborgan.
Izoh (0)