Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Germaniyaning Gamburg shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatini 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan yakunladi va umumjamoa hisobida Kubadan keyin 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Rio—2016 Olimpiadasida shuning aksi kuzatilib, O‘zbekiston delegatsiyasi peshqadamlikka erishgan, Kubaga esa 2-o‘rin nasib qilgandi.
O‘zbekiston bokschilaridan faqatgina Shahram G‘iyosov kubalik raqibi ustidan zafar quchishga muvaffaq bo‘ldi. Bu bilan Shahram WSB tasnifidagi mag‘lubiyati uchun revansh olgandek bo‘ldi.
Qozog‘iston termasi ham O‘zbekiston singari 1 ta oltin medalga ega chiqdi. Biroq ularda kumush medallar soni 1 taga kamroq.
O‘zbekiston terma jamoasi Qatarda o‘tgan so‘nggi JChda 3 ta kumush va 3 ta bronza bilan umumjamoa hisobida 7-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lib, o‘shanda kubaliklar 4 ta oltin bilan peshqadam bo‘lgan, mos ravishda Rossiya 2 ta, Ozarbayjon, Irlandiya, Fransiya va Marokash 1 tadan oltinga ega chiqqandi. Qozog‘istonlik sportchilar esa bor-yo‘g‘i 2 ta kumush bilan O‘zbekistondan keyingi 8-pog‘onadan joy olgandi.
Izoh (0)