Shvetsiyada Stokgolm xalqaro suv instituti (SIWI) tomonidan tashkil etilgan Jahon suv haftaligi yakunlandi. Bu haqda “Daryo”ga Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lum qildi.
Suvdan qayta foydalanish, chiqindi va oqava suvlarni utilizatsiya qilish mavzusiga bag‘ishlangan forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Boriy Alixonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Haftalik doirasida Markaziy Osiyo vakillari bilan 3 ta alohida tadbir o‘tkazildi. Ulardan birinchisida qatnashchilar suv diplomatiyasiga erishish yo‘llarini muhokama qildi. Ikkinchisida mahalliy jamoalarni suv resurslarini boshqarishga jalb etish, uchinchisida esa mintaqa akademik hamjamiyatining global barqaror rivojlanish jarayonidagi ishtiroki muhokama etildi.
“Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaralarga ega bo‘lgan O‘zbekiston mintaqaning barqarorlik, rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan manfaatdor. Biz murosa asosida amaliy muloqotga va eng dolzarb muammolar yechimini izlashga tayyormiz. Oldimizda turgan muhim vazifa — Orol inqirozining atrof-muhit va Orolbo‘yida yashovchi millionlab kishilar hayot tarziga salbiy ta’sirini kamaytirishdan iborat”, — dedi Boriy Alixonov Stokgolmda transchegaraviy hamkorlik va suv diplomatiyasiga bag‘ishlangan seminardagi chiqishi chog‘idada.
Boriy Alixonovga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston mintaqaviy ekologik markazi bilan hamkorlikda 2018-yili Toshkentda Markaziy Osiyo ekologik forumini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Izoh (0)