Yaponiya mudofaa vazirligi KXDR tomonidan 29-avgust, seshanba kuni uchirilgan raketa Tinch okeanidagi Amerika harbiy obyektlari joylashgan Guam oroli hududiga yetib borishga qodir, deb hisoblaydi. Bu haqda mudofaa vaziri Itsunori Onodera ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
“Raketa parvozining maksimal uzoqligi 5 ming kilometrga yetishi mumkin. Tabiiyki, u Guamgacha uchib bora oladi”, — dedi u. Onoderaning so‘zlariga ko‘ra, raketaning hamma bo‘laklari Tinch okeanida bir joyga qulagan.
Avvalroq 29-avgust kuni saharda uchirilgan KXDR raketasi Yaponiyaning Xokkaydo oroli osmonidan uchib o‘tib, undan 1180 km nariga, Tinch okeaniga qulagani xabar berilgan edi.
Raketa taxminan 2,7 ming km masofani bosib o‘tgan, uning trayektoriyasi balandligi esa 550 km ga yetgan. Yaponiya mudofaa vazirligi u o‘rta masofaga uchuvchi “Xvason-12” raketasi bo‘lgan deb taxmin qilmoqda.
Izoh (0)