Huawei Tech Investment Tashkent kompaniyasi bosh direktori Van Pen bilan intervyu.
— Janob Van Pen Huawei kompaniyasining O‘zbekistonda axborot texnologiyalarni rivojlantirishga kiritgan investitsiyalari hajmi qanaqa?
— Mamlakatdagi 17 yillik faoliyatimiz davomida 110 million dollardan ziyod investitsiya kiritdik. Eng ahamiyatli loyihalar qatoriga Uzinfocom, UzMobile, mobil operatorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotganlarini kiritishim mumkin. Ustiga-ustak uyali operatorlar, korporativ mijozlar va yakuniy iste’molchilar uchun loyihalar butun O‘zbekiston hududi bo‘ylab amalga oshirilmoqda. Masalan, Beeline, UzMobile va UMS uchun baza stansiyalari. Kompaniya mutaxassislari hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi u yoki bu tarzda Huawei texnologiyalariga asoslangan mobil va telekommunikatsiya aloqasidan foydalanadi.
“Bitta tugmani bosish kifoya”
— Yaqinda Xalqaro press-klubda O‘zbekistonda mobil aloqa oqimi zichligini cheklashning noo‘rin tarzda past (2,5 mkW/sm² dan baland emas) chegarasi amal qilishi holati faol muhokama etildi. Mobil operatorlar fikricha, bu telekommunikatsiyalar sohasi taraqqiyotini ushlab turibdi, shuningdek, mobil aloqa sifati va narxiga salbiy ta’sir qilyapti. Sizning ushbu muammo yuzasidan nuqtai nazaringiz qanday?— Yevropa bilan taqqoslasak, O‘zbekistonda nurlanishning odam salomatligiga va aholiga ta’siri bo‘yicha talablar ancha, to‘rt karra qat’iyroqdir. Yevropada o‘rtacha standart 10 mkW/sm². Bu yerda shuni e’tiborga olish kerakki, Yevropada 2G, 3G, 4G aloqalari bo‘yicha ko‘p yillik chuqur tadqiqotlar o‘tkazilgan va ilm-fanga asoslangan tavsiyalar berilgan. Menimcha, O‘zbekistonda fuqarolar salomatligiga xavf solmagan holda bemalol yevropacha tavsiyalar va standartlarni asos qilib olish mumkin.
Menimcha, O‘zbekistonda fuqarolar salomatligiga xavf solmagan holda bemalol yevropacha tavsiyalar va standartlarni asos qilib olish mumkin.
— Agar ertaga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda signal darajasini oshirish haqida qaror qabul qilinsa, qo‘shimcha uskunalar kerak bo‘ladimi? Yoki dastakni burash kifoya bo‘ladimi?— Buning uchun bitta tugmani bosish kifoya. Ammo keng polosali Internet aloqasi va mobil internetning kirib borish darajasini oshirish masalasiga kelsak, uning yechimi ancha murakkabroq. O‘zbekistonda bu ba’zi qo‘shni mamlakatlardagiga qaraganda sezilarli darajada past. Bu optik tolali kabellarni yotqizish bilan bog‘liq yetarlicha ko‘p mablag‘ talab qiladigan jarayondir.
O‘zbekistonda AKT istiqbollari
— Siz 16 yildan buyon Huawei’da ishlaysiz, ustiga-ustak, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidasiz. Bir daqiqaga tadbirkor ekanligingizni, 75 milliard dollar aylanmasi bo‘lgan kompaniya vakili ekanligingizni unutib turing. Menga axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassis sifatida javob bering: O‘zbekistonda AKTni rivojlantirish istiqbollari haqida nima deya olasiz?—Buni qanchalik istasam-da, Huawei xodimi va biznesmen ekanligimdan fikran uzoqlasha olmayman. “Van Pen shunday dedi” degan gapni o‘qib, buni kompaniyaning fikri sifatida qabul qilishadi.
O‘zbekistonda AKT sohasini rivojlantirish uchun bir qator raqobatbardosh afzalliklar bor.
Birinchisi. Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholi. Katta bozor.
Ikkinchisi. Yoshlar juda ko‘p. Yoshlar hamisha yangilikka, yangi texnologiyalarga intiladi, yangi ishlanmalar bilan qiziqadi.
Uchinchisi. Ta’lim. Mamlakatda talabalar, universitetlar bitiruvchilari ko‘pligidan xabarim bor. Buning ustiga, sizda o‘quvchilar va talabalar ko‘p tilda so‘zlashadi, ko‘pincha ikkitadan ortiq til biladi, bu ham fikrlashning moslashuvchanligidan darak beradi.
Bitta baza stansiyasini o‘rnatish uchun 9 (!) oy sarflash va 20 ta turli idoralardan ruxsat olish kerak.
Bu afzalliklardan to‘liq ko‘lamda foydalanish uchun ko‘proq ochiqlik kerak va madaniyati, bozordagi vaziyati o‘xshash mamlakatlar bilan ko‘proq aloqalar zarur. Bular ham mintaqadagi qo‘shni mamlakatlar, ham Belarus, Ukraina, Rossiya va Turkiya. Bu muammolarni birgalikda muhokama qilish, rivojlanishga xalal beruvchi omillarni bartaraf qilish uchun kerak.
Bugun uyali aloqa operatorlarining har biri ishonchli qamrov uchun qo‘shimcha yana 2000 tadan baza stansiyalarini o‘rnatishi kerak. Ko‘pchilik viloyatlarda faqat 2G, ya’ni faqat ovozli telefon ishlaydi. 3G tarmog‘i bilan mamlakat hududining 50 foizigina qamrab olingan.
Men hozir konvertatsiyani tilga olib o‘tirmayman, chunki ushbu muammoni hal qilishdagi rivojlanishni ko‘ryapman.
Ammo masala quyidagicha. Bitta baza stansiyasini o‘rnatish uchun 9 (!) oy sarflash va 20 ta turli idoralardan ruxsat olish kerak. Noo‘rin ravishda murakkab va ko‘pga cho‘ziladigan jarayon. Dunyodagi boshqa joylarda bunga ko‘pi bilan bir oy kerak bo‘ladi. Bularning barchasi operatorlarning sarmoyalar kiritishiga to‘sqinlik qiladi.
135 000 000 nafar xitoylik sayyohlarning 2000 nafari, ya’ni ularning umumiy sonidan 0,0015 foizigina O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
O‘zbekistonda tarixiy qadamjolar va ajoyib me’moriy yodgorliklar ko‘p. Balki bu sizni hayratlantirar, ammo uyali aloqaning yaxshilanishi mamlakatga turizmdan milliardlab dollar qo‘shimcha daromad olish imkonini berishi mumkin.
Xitoy — mamlakatidan tashqariga chiqiladigan turizm bo‘yicha jahonda yetakchi. 2016-yilda 135 million xitoylik dunyo bo‘ylab sayohat qildi va 261 milliard dollar sarfladi. Bu 135 000 000 nafar xitoylik sayyohlarning 2000 nafari, ya’ni ularning umumiy sonidan 0,0015 foizi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.Nima uchun? Chunki xitoyliklar bu yerda qiziqarli narsalar ko‘p ekanligini bilmaydi. Videosyujet suratga olib yoki fotoalbom yaratib, sayyohlar ko‘pincha ularni ijtimoiy tarmoqlarga joylay olmaydi. Aloqa yetarli darajada emas.
Xitoyliklarga, qolaversa, barcha sayyohlarga yaxshi mehmonxonalar, transport va… turizmni rivojlantirishning asosiy dastaklaridan biri sifatida dadil zamonaviy mobil aloqa kerak.
— Biz siz bilan qiziq bir xonada muloqot qilyapmiz. U nima uchun mo‘ljallangan?
— Bu bulutli texnologiyalar innovatsion markazi, uni biz roppa-rosa bir yil avval ochganmiz. Hali hech kim bunaqa Customer Experience Center qurmagandi. Bu yerda hech narsa maket emas, hamma narsa haqiqiy va hamma tizimlar ishlaydi. Har bir mijoz — hukumat buyurtmachilari, uyali aloqa operatorlari, korporativ sheriklar — bu yerda o‘ziga kerakli narsani topadi.
Mijoz kelganida oson muloqot qilish mumkin bo‘lgan muhitga tushib qoladi: eng zamonaviy texnologiyalar, dasturiy mahsulotlar va uskunalar, keng polosali internet aloqasi va IPTV (Internet Protocol Television, interaktiv televideniye)da ishlovchi “aqlli uy”.
Kompaniyaning bunday show-room’lari dunyo bo‘ylab 150 ta bo‘lib, ular bosh qarorgoh bilan yagona tarmoqqa bog‘langan. Biz, masalan, turli mamlakatlardagi uyali aloqa operatorlari haqidagi: Turkmanistonda, Qozog‘istonda aloqa qamrovi haqidagi axborot bilan ayirboshlashishimiz mumkin — biz bu axborotni uchinchi mamlakatlar orqali sotib olganmiz. Mutaxassislar u yoki bu muammo boshqa yakuniy bozorda qanday hal etilganini o‘rganishi mumkin.
Bu samarali: faqat tomosha qilishning o‘zi emas, Customer Experience Center platformasi orqali o‘ylash ham.
— Huawei’ning O‘zbekistondagi eng ahamiyatli loyihalari qaysilar? Shaxsan o‘zingiz amalga oshirilgan loyihalardan qaysi biri bilan faxrlanasiz?
— Fikrimcha, 17 yil davomida O‘zbekistonga katta hissa qo‘shgan holda bajargan barcha loyihalarimiz bilan faxrlanishimiz mumkin. Men shu yerda o‘tkazgan bir yarim yil ichida biz Uzinfocom uchun UzCloud data-markazini ishga tushirish bo‘yicha loyihani amalga oshirdik. Uning xotirasi hajmi bir petabaytga teng. Bu bir million gigabaytdan oshadi. Shuningdek, biz mamlakatdagi uyali operatorlarga 4G tizimini ishga tushirishga yordam berdik, u mobil Internetga hatto Wi-Fi’dan ham tezroq va keng polosali Internet aloqasidan ham yaxshiroq ishlash imkonini beradi.
Aqlli xavfsiz shahar — aqlli tibbiyot, aqlli ta’lim, aqlli boshqaruv va aqlli hukumat.
“Aqlli shahar”
— “O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi”da “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish zaruriyati alohida ta’kidlangan. Davlat muassasalarining raqamli transformatsiyasi nima degani?— Qarorlar hech qachon bir-biridan ajralgan holda amalga oshirilmaydi. Raqamli transformatsiya bu, birinchi navbatda, “Aqlli shahar”. Chunki aqlli xavfsiz shahar — “aqlli tibbiyot”, “aqlli ta’lim”, “aqlli boshqaruv” va “aqlli hukumat”.
Shaharlar ulkan: maktablar, universitetlar, kasalxonalar, korxonalar — barcha tashkilotlar bir-biri bilan bog‘liq. Bu yagona platformada amalga oshiriladi va yagona infratuzilmaga birlashtirilgan. Albatta, tizim juda murakkab, uni qadam-baqadam qurish kerak. Chorrahalardagi videokameralar — birinchi qadam, xolos, faqat boshlanishi.Biz davlat tuzilmalari faoliyati samaradorligini oshirishning yaxlit dizaynini taklif qildik. Jarayon oson emas, bu yerda siyosiy iroda ham kerak.
Eng asosiysi — axborot texnologiyalari barcha departamentlarga to‘g‘ri va tez ishlashda yordam beradi. Odamlar doim adashadi, kompyuter esa — yo‘q. Kompyuter odamning ko‘rsatmalariga binoan fikrlaydi. Asosiysi, ushbu ko‘rsatmalarni to‘g‘ri bera olish.
Tizim 16 million kishilik shaharda bitta fotosuratga qarab odamni topish va u kun davomida qayerda bo‘lganini qayd etishga qodir.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda shaharlardagi intellektual xavfsizlik tizimlarini qo‘llagan holda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi elementlarini joriy qilishmoqda.
Biz O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan “Xavfsiz shahar” vaziyatli boshqaruv markazi loyihasini muhokama qilyapmiz. Huawei Safe City yechimi dunyoning 30 mamlakatidagi 100 ta shaharda amalga oshirilgan. Amerikada, Yevropada, Osiyoda va Afrikada bizning loyihalamiz ishlamoqda.Rejamizda — O‘zbekistonda Osiyodagi eng zamonaviy tizimni o‘rnatish bor.
Janob Prezident ishni shu yiliyoq boshlab, ikki yildan so‘ng ishga tushirish kerakligini aytdi. Shuning uchun IIV mutaxassislari buning ustida jiddiy ishlayotganini bilaman.
O‘zbekiston IIV mutaxassislari delegatsiyasi aprelda Shenchjendagi Huawei ko‘rgazma zaliga tashrif buyurdi. 16 million aholi yashab, o‘qib, ishlaydigan Shenchjen shahri misolida tizim amalda qanday ishlashi bilan tanishdi. IIV mutaxassislari Jamoatchilik xavfsizligi vazirligining shahar bo‘limi ishini o‘rgandi, mutaxassislar bilan muloqot qildi.
Tasavvur qiling: tizim 16 million kishilik shaharda bitta fotosuratga qarab odamni topish va u kun davomida qayerda bo‘lganini qayd etishga qodir. Mashina raqami bo‘yicha esa bir kun ichida shahar bo‘ylab bosib o‘tgan yo‘nalishlarini aniqlaydi.
To‘rt yildan beri shaharda ishlab kelayotgan fantastika.
Biz eng zamonaviy texnologiyalar vositasida Toshkentni xavfsiz aqlli shahar qilishga yordam bera olamiz. Tizimlar chiqimdor, ammo ular o‘z xarajatini qoplaydi.
Blits-savollar
— Toshkentda qayerda dam olishni yoqtirasiz? O‘zbekistonning qayerlarida bo‘lgansiz va yana qayerlarni ko‘rishni istaysiz?— Oilam bilan Chorvoq suv omboriga borishni yaxshi ko‘raman. Amir Temur maydoniga borib, u yerdan Sayilgoh piyodalar ko‘chasi bo‘ylab sayr qilish yoqadi, tez-tez “Samarqand Darvoza”ga borib turamiz. Samarqandda va Farg‘ona vodiysida bo‘lganman. Buxoro va Xivaga albatta borishni xohlayman.
— O‘zbekistonning qanday gazeta va jurnallarini o‘qib turasiz? Qaysi yangiliklar saytlariga kirasiz?
— Ko‘proq axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan bog‘liq nashrlar va saytlarni o‘qib boraman. Bundan tashqari, men o‘z hamkasblarim, xitoylik xodimlar bilan birga haftasiga ikki marta o‘zbek tilini o‘rganyapman. Balki tez orada sizning o‘zbek tilidagi saytingizni ham o‘qiy olarman.
Balki tez orada “Daryo” saytida o‘zbek tilidagi maqolalarni o‘qiy olarman.
— Sizda bitta nomoddiy mo‘jizani amalga oshirish imkoniyati bo‘lganida, nima qilardingiz?
— Agar butun bir yil davomida ish haqida, zamonaviy aloqa vositalari va biznes haqida unutish imkonim bo‘lganida, rafiqam va farzandlarim bilan sayyora bo‘ylab sayohatga chiqqan bo‘lardim. Bu sayohat butun bir yil davom etishini istardim. Ularga turli mamlakatlar go‘zalliklarini ko‘rsatishni va ular bilan bog‘liq voqealarni gapirib berishni xohlardim.
— Qanday taomlarni yoqtirasiz?
— O‘zim Xitoyning shimolidanman va shu sababli lag‘monni yaxshi ko‘raman. Shimolliklar xamirli taomlarni afzal ko‘rishadi, janubda esa ko‘proq guruch yeyishadi. O‘zbek taomlaridan somsa yoqadi. Qo‘qoncha, samarqandcha va toshkentcha to‘y oshi yoqadi. Shashlik esa dunyoning hamma joyida bor.
— Tasavvur qiling, sizni hozir O‘zbekistonning barcha aholisi o‘qimoqda. Ularga nima degan bo‘lardingiz?
— Men O‘zbekistonni yaxshi ko‘raman. Mamlakat go‘zal, tarixi boy. Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik chuqur ildizga ega ekanligi menga yoqadi va men O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shishni istayman.
— Sizni O‘zbekistonda qanday eslab qolishlarini xohlardingiz?
— Agar besh yildan keyin siz meni “Van Pen — ishonchli odam. Aytgan ishini qiladigan halol odam” deb yodga olsangiz, men o‘zimni eng baxtli odam deb hisoblayman.
Van Pen — Wang Peng
1978-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Shansi viloyatida tug‘ilgan.1997—2001-yillarda Xarbin texnologiya institutida aloqa muhandisi bo‘lib ishlagan.
Huawei kompaniyasida 2001-yildan buyon faoliyat yuritadi.
2016-yilda Huawei Tech Investment Tashkent kompaniyasiga bosh direktor etib tayinlangan.
Rafiqasi bilan birgalikda bir qiz (8 yosh) va bir o‘g‘il (4 yosh) farzandini tarbiyalamoqda.
Xitoy, ingliz va rus tillarini biladi.
Baxtiyor Nasimov,sharhlovchi
Izoh (0)