Toshkentdagi “Istiqlol” saroyida 25-avgust kuni O‘zbekiston Prezidentining yosh iste’dodlar uchun ta’sis etgan “Nihol” mukofotining yangi sohiblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
2016-yil oktabr–noyabr oylarida “Nihol” mukofoti tanlovining tuman (shahar) saralash bosqichlari o‘tkazilgandi. Unda 13 mingdan ortiq ijodkor yosh o‘z mahoratini namoyish etdi. Ularning eng munosiblari respublika bosqichida qatnashib, mumtoz qo‘shiq, musiqa ijrochiligi, estrada, opera ijrochiligi, raqs san’ati yo‘nalishlarida o‘z musiqiy dasturini “Nihol” mukofoti respublika kengashi a’zolari, mutaxassislar va ekspertlar, keng jamoatchilik, san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola etdi.
“Bugun yosh xonanda yoki musiqa ijrochilari uchun misli ko‘rilmagan sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda, — dedi mukofot sohibi — surxondaryolik Qahramon Rashidov. — Bunday katta e’tibor bizni yanada faol bo‘lishga, Vatanimiz, xalqimiz, ustozlarimiz oldidagi mas’uliyatni, ijodiy burchimizni yanada teranroq anglashga, bildirilayotgan yuksak ishonchni oqlashga, unga munosib bo‘lishga undaydi”.
Tadbirda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T. Norboyeva so‘zga chiqdi.
Izoh (0)