O‘zbekistonlik bokschi Qudratillo Abduqahhorov o‘zining navbatdagi jangini Toshkentda o‘tkazadi, deb yozdi “Olamsport”. Bunda u zimbabvelik Charles Manyuichiga qarshi ringga chiqadi.
WBC Silver kamari sohibi hisoblangan Abduqahhorovning jangi 14-oktabr sanasiga tayin qilingan. Bu revansh jang hisoblanadi. Bungacha o‘zbekistonlik sportchi WBC Silver kamarini saqlab qolish uchun aynan Charles bilan jang qilgan bo‘lib, raqibini 1-raunddayoq nokautga uchratishga erishgandi.
O‘sha jangda afrikalik bokschi Abduqahhorovni kalaka qilishga harakat qildi va kutilmaganda kuchli zarba qabul qilib olib, ringga quladi. Nokdaun holatidan keyin u jangni davom ettirdi va 3 soniya ichida navbatdagi zarbadan so‘ng batamom nokaut bo‘ldi.
Qudratillo bunga qadar 12 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning barchasida raqiblarini taslim qilishga muvaffaq bo‘lgan. 8 ta jang nokaut bilan yakun topgan.
Charles Manyuichi esa bunga qadar 25 ta jang o‘tkazib, 21 tasida g‘olib chiqqan. 3 tasida mag‘lub bo‘lgan va 1 marta durang qayd etgan. G‘alabalarining 12 tasida u raqiblarini nokaut qilgan.
Izoh (0)