2017-yil 18-avgust kuni soat 22:00 larda “Qamchiq” qidiruv-qutqaruv otryadi navbatchi dispetcheri tomonidan olingan ma’lumotga ko‘ra, A-373 “Toshkent—O‘sh” avtomobil yo‘lining “Toshkent—Vodiy” yo‘nalishida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.
“Toshkent—Vodiy” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan Shacman rusumli yuk avtomashinasi qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, shu yo‘nalishda kelayotgan Isuzu rusumli yuk mashinasi, Damas rusumli yengil avtomobili va Hyundai rusumli avtosamasvali ishtirokida yo‘l transport hodisasini yuzaga keltirdi. Mazkur holat o‘z o‘rnida avtotransportlar qatnovining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan.
Tezkor xabar olingach, “Qamchiq” qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari voqea joyiga yetib borgan.
“Qamchiq” qidiruv-qutqaruv otryadining qutqaruvchilar guruhi, YHX xodimlari va tez yordam shifokorlari, qolaversa, yo‘lovchilar tomonidan jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular Pop tumani markaziy shifoxonasiga jo‘natilgan.
Ag‘darilgan Shacman va Isuzu yuk avtomashinalarini maxsus avtotexnikalar yordamida tik holatga keltirib, “Sherobod” yo‘l-patrul maskanining jarima maydonchasiga evakuatsiya qilindi.
Izoh (0)