Akula Tailandning Pxuket orolida dam olayotgan yaponiyalik sayyohni tishlab oldi. Bu haqda Phuket News nashri xabar berdi.
Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 16-avgust, chorshanba kuni yuz bergan. Keyta Kosigoe qirg‘oqdan 200 metr uzoqlikda syorfing bilan shug‘ullanayotgan vaqtda akula uning chap tovonidan tishlab olgan.
Jarohatlangan sayyoh quruqlikkacha mustaqil suzib kelishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq uning oyog‘ida yirtqichning chuqur tish izlari qolgan. Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar 37 yoshli sayyohga birinchi yordam ko‘rsatgan, shundan keyin u kasalxonaga joylashtirilgan.
Kasalxonada shifokorlar bilan birga, Pxuket dengiz biologiyasi markazi ekspertlari ham jabrlanuvchini tekshirgan. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, sayyohni qora qanotli rif akulasi tishlagan.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, bu akulalar asosan mayda baliqlar bilan oziqlanadi va odamga xavf solmaydi. Taxmin qilinshicha, akula sayyohning oyog‘ini o‘lja deb o‘ylab, tishlab olgan.
Izoh (0)