Toshkent shahrining Oloy, Yunusobod va Qo‘yliq bozorlarida 14-avgustdan boshlab pulni naqdlashtirib beradigan bankomatlar ishlay boshladi. Har bir bozorda bittadan bankomat o‘rnatilgan. Bu haqda UZ24 xabar bermoqda.
Soat 9:00 da Xalq banki xodimi Oloy bozoridagi bankomatni ishga tushirdi. Bankomat uchun maxsus konteynerlarda pullar keltirildi. Bank xodimi qurilmani dasturlaganidan so‘ng, ilk foydalanuvchi bankomat orqali pullarini naqdlashtirib olishga muvaffaq bo‘ldi.
Jarayon 1,5—2 daqiqa davom etadi. Har bir kartadan komissiyasiz 100 ming so‘mgacha pulni yechib olish mumkin. Mablag‘ 1 000, 5 000 va 10 000 so‘m bo‘lgan kupyuralarda beriladi.
Bankomat istalgan bankka tegishli va Uzcard tizimiga ulangan plastik kartani qabul qiladi.
Bankning Yunusobod filiali xodimi G‘ayratjon Xudoyorovga ko‘ra, bankomatlar soat 9:00 dan 18:00 gacha ishlaydi. Kun davomida o‘rtacha 200—300 kishi pullarini naqdlashtirib olishi mumkin.
Bir kishi bir nechta kartadan 100 ming so‘mgacha bo‘lgan mablag‘ni naqdlashtirish imkoniga ega.
Izoh (0)