O‘zbekiston eng tez mobil internetga ega mamlakartlar reytingida ikki o‘ringa, internet tarmog‘iga yuqori tezlikda statsionar ulanish imkoniyati bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida sakkizta o‘rin pastladi. Bu haqda Speedtest Global Index hisobotiga tayanib, “Kommersant.uz” xabar berdi.

Reytingda O‘zbekiston mobil nternet bo‘yicha 106-o‘rinda turibdi. Unga ko‘ra, internetning yuklash tezligi 9,11 Mbit/s va ma’lumot uzatish tezligi 3,52 Mbit/s hisoblanadi.

MDH davlatlari orasida mobil internet tezligi bo‘yicha Qirg‘iziston (83), Qozog‘iston (65), Ozarbayjon (62), Armaniston (54) O‘zbekistondan oldiga chiqib ketgan.

Reytingda birinchi o‘rinni Norvegiya (52,59 Mbit/s) egallab turibdi. Niderlandiya 46,94 Mbit/s bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan. 46.24 Mbit/s tezlikka ega Vengriya uchinchi o‘rindan joy olgan.

Statsionar internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston 126-o‘rinda bo‘lib, yuklash tezligi 5,38 Mbit/s, uzatish tezligi esa 5.2 Mbit/s hisoblanadi.