Londonning “Arsenal” klubi Angliya Superkubogini qo‘lga kiritdi.
“Uembli” stadionida o‘tgan mavsumning ilk rasmiy o‘yinida “to‘pchilar” poytaxtning boshqa bir jamoasi “Chelsi” bilan to‘qnash keldi. O‘yin asosiy vaqtida g‘olibni aniqlab bo‘lmadi.
Uchrashuv kulminatsiyasi 80-daqiqaga kelib ro‘y berdi. Ispaniyalik Pedro Rodriges raqibiga orqa tomondan podkat berdi. Uchrashuvni boshqarib borgan Robert Medli shu zahotiyoq Pedroni maydondan chetlatdi. Jarima zarbasini Granit Jaka amalga oshirdi, keyingi urinishda esa “Arsenal”ning yangi xaridi Zead Kolashinats jamoadoshlarini mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan golga mualliflik qildi.
Reglamentga ko‘ra, qo‘shimcha daqiqalar belgilanmadi va penaltilar seriyasiga navbat berildi. Bunda yangi tizim — ABBA ishga tushdi. Avval penaltini tomonlar galma-gal amalga oshirgan bo‘lsa, endi “Chelsi” birinchi zarbani berishi, ketidan tomonlar ketma-ket ikkitadan zarba yo‘llashi belgilab qo‘yilgandi. Bu holat penaltilar seriyasini birinchi boshlayotgan tomonda bosim kamroq bo‘lishi uchun xizmat qiladi (xuddi tennisdagi tay-brek singari).
Penaltilar seriyasida “Arsenal”ning 4 futbolchisi aniq zarba berdi: Teo Uolkott, Nacho Monreal, Aleks Oksleyd-Chemberlen, Olivye Jiru. “Chelsi”da Gari Kexillning zarbasi aniq bo‘lgandi. Keyinroq darvozabon Tibo Kurtua hamda 80 millionga xarid qilingan Alvaro Morata qiyshiq zarba yo‘lladi. “Arsenal” Angliya Superkubogi sohibi.
Shu kuni “to‘pchilar”ga ikki asosiy futbolchi — Mesut O‘zil va Aleksis Sanches yordam bera olmadi.
Mazkur mini-turnirda zafar quchish borasida rekord “Manchester Yunayted”ga tegishli — 21 ta. “Arsenal”da sovrinlar soni 15 taga yetdi. “Chelsi”da bu ko‘rsatkich 4 tani tashkil qiladi.
Angliya Superkubogi “Uembli” stadioni 6-avgust, yakshanba
Izoh (0)