O‘zbekiston prezidentining 28-iyuldagi qarori bilan 1-avgustdan boshlab eksport subyektlarining eksport tovarlaridan (ish, xizmat) valyuta tushumlarining 25 foizini majburiy sotish talabi bekor qilinadi. Bu bir talay valyuta kurslari rejimidan chel el valyuta bozori liberalizatsiyasiga o‘tish yo‘lidagi navbatdagi qadammi? “Biznes-Daily.uz” nashri Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Nishonboy Sirojiddinovning bu boradagi fikrlari bilan bo‘lishdi.
O‘zbekiston valyuta rejimi davlat tomonidan chel el valyutasining qo‘llanilishiga qarab, bir nechta ko‘rsatkichda belgilangan bir talay valyuta kurslarini anglatmaydi. Mamlakatda qo‘llaniladigan valyuta rejimi bu valyuta nazoratidir. Unda hukumat o‘z ixtiyoridagi valyuta resurslarini ustuvor vazifalaridan kelib chiqib taqsimlaydi. Rasmiy belgilangan almashuv kursi bo‘yicha chet el valyutasiga talab taklifdan oshib ketishi tufayli chet el valyutasining qiymati yuqori bo‘lgan noqonuniy bozor shakllanadi.
Eksport subyektlari uchun mahsulotlarni eksport qilishdan tushgan valyuta tushumlarining 25 foizini majburiy sotish talabining bekor qilinishi chet el valyuta bozori liberalizatsiyasi yo‘nalishidagi muhim qadam hisoblanadi. Ushbu sohada qabul qilinayotgan barcha choralarning yakuniy maqsadi esa valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy qilish, milliy valyuta barqarorligini ta’minlashdan iboratdir.
Oxirgi vaqtlarda chet el valyuta bozori liberalizatsiyasi oqibatlari ijtimoiy tarmoqlardagi dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Liberalizatsiya tarafdori bo‘lmaganlar u iqtisodiyotning tarkibiy qayta qurilishini sekinlashtirishi va inflyatsiyaning o‘sishi, mamlakat statistik ko‘rsatkichlarining yomonlashuvidan xavotir olmoqda.
Haqiqatda ham mavjud valyuta kursi rejimining bosh maqsadi iqtisodiyot tarkibiy qayta qurilishini tezlashtirishdan iborat ekanligi haqidagi fikrlar keng tarqalgan.
Ehtimol, o‘tgan yuz yillikning 90-yillarida valyuta nazorati rejimining joriy etilishi investitsiya mahsulotlari importining o‘sishiga sabab bo‘lgandir. Biroq uning joriy etilishidan erishilgan yutuqlar va yo‘qotishlarning aniq bahosi mavjud emas. Har qanday holatda ham bu qarorning ijobiy samarasi qisqa muddatli bo‘lgan.
Mavjud valyuta rejimi anchadan buyon iqtisodiyot tarkibiy qayta qurilishini tezlashtirish imkonini bermasdan, balki bu yo‘ldagi bosh to‘siqlardan biri bo‘lib kelmoqda. Tahlillarning guvohlik berishicha, yetarlicha uzoq muddatdan buyon mashinalar va qurilmalar importini moliyalashtirishning asosiy manbalari — bu chet el investitsiyalari, xalqaro kreditlar bo‘lib kelmoqda. Bu esa investitsiya mahsulotlari importi rasmiy kurs bo‘yicha moliyalashtirilmaganligidan dalolat beradi.
Endi chet el valyutasi liberalizatsiyasining inflyatsiya sur’atlariga ta’sir ko‘rsatishiga to‘xtalsak. Albatta, valyuta kursi va inflyatsiya sur’atlari bir-biri bilan bog‘liq tushunchalar. Biroq shuni ta’kidlash lozimki, hozirgi paytda savdo qilinayotgan (ya’ni xalqaro savdoda ishtirok etayotgan) mahsulotlarining narxlari ichki bozorda parallel bozor almashuv kursini hisobga olgan holda belgilanmoqda. Rasmiy valyuta bozoridan chet el valyutasini xarid qilish imkoniga ega bo‘lmagan ko‘plab xo‘jalik subyektlari va jismoniy shaxslarning chet el valyutasini parallel bozordan xarid qilgan holda import bilan shug‘ullanishi yuqoridagi holatni tasdiqlaydi.
Davlat chet el valyutasi parallel bozoriga bevosita ta’sir ko‘rsata olmaganligi tufayli u yuqori o‘zgaruvchanlik bilan xarakterlanadi. Bu esa, o‘z navbatida, inflyatsiya sur’atlarining yuqori ekanligi va makroiqtisodiy beqarorlikning bosh sabablaridan biri hisoblanadi.
Iqtisodiyotning tarkibiy qayta qurilishini tezlashtirish yoki inflyatsiya sur’atlarini pasaytirish imkonini bermayotgan mavjud valyuta nazorati rejimi investitsiyaviy faollik, iqtisodiy o‘sish sur’atlari va xalq farovonligiga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda. Uning iqtisodiyot va jamiyatga salbiy oqibatlari ulkan va turli-tuman. Bu rejim eksport va mamlakatning eksport salohiyati taraqqiyotini to‘xtatib turmoqda. Bundan tashqari, u iqtisodiyotdagi vaziyat — birinchi navbatda, daromadlarni taqsimlash, resurslarni joylashtirish va narxlar shakllanishini izdan chiqarmoqda.
Masalaning axloqiy-huquqiy jihatini ham hisobga olish lozim. Milliy valyuta har doim istalgan mamlakat uchun milliy faxr predmeti bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. O‘zbekiston valyuta bozori sohasida yuzaga kelgan vaziyat aholi tomonidan og‘riqli qabul qilinadi. Aholi daromadni milliy valyutada oladigan, chet el valyutasi esa erkin sotuvda bo‘lmagan mamlakat fuqarolariga mahsulotlar yoki xizmatlarni, bu xoh avtomobil, xoh samolyot uchun chipta bo‘lsin, chet el valyutasida sotish yaramaydi. O‘z valyutamizni o‘zimiz tan olmasak, uni kim tan oladi?
Yuqoridagi holatlar chet el valyuta bozori liberalizatsiyasi bu faqat farovonlik va u iqtisodiyot uchun hech qanday salbiy oqibatlar keltirib chiqarmasligini anglatadimi?
Iqtisodiyot barcha organlari bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan tirik organizm kabidir. Ulardan birini davolash boshqalarining faoliyati va sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatadi va bu har doim ham ijobiy bo‘lmaydi. Shuning uchun istalgan islohot ijobiy natijalar bilan birga salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqaradi. Iqtisodiy siyosatning vazifasi — barcha mavjud imkoniyatlardan eng optimal choralarni tanlash. Shu sababdan ham belgilangan maqsadlarga erishish uchun o‘tkaziladigan islohot kompleks islohotlar o‘tkazishni anglatadi. Chet el valyuta bozori liberalizatsiyasi salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun quyidagi vaziyatlarni hisobga olish lozim deb hisoblayman.
Birinchidan, valyuta bozori liberalizatsiyasining muvaffaqiyati ko‘p jihatdan rasmiy almashuv kursi qadrsizlanishi ko‘lamiga bog‘liq. Eng maqbul variant — almashuv kursini talab va taklifdan kelib chiqib belgilash. Bunday ssenariyda so‘mning almashuv kursi qisqa muddatli va o‘rta muddatli davrda parallel bozor almashuv kursiga yaqin darajada belgilanishi ehtimoli yuqori.
Ikkinchidan, iqtisodiy siyosatning ko‘plab choralari mavjud valyuta rejimidan kelib chiqib ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotganini unutmaslik lozim. Bu birinchi navbatda import rejimiga taalluqli.
Shuning uchun ham so‘m rasmiy almashuv kursining pasaytirilishi import tariflari va aksiz solig‘ining pasaytirilishi bilan birga kechishi lozim. Bunday yondashuv resurslardan samarali foydalanish va taqsimlash, yashirin import va korrupsiyani kamaytirish imkonini beradi.
Uchinchidan, bu jarayonning aniq bozorlarga bevosita va bilvosita ta’sirini aniqlash chel el valyuta bozori liberalizatsiyasidan jamoatchilik foydasini oshirishning muhim sharti hisoblanadi.
To‘rtinchidan, asosan ichki bozor uchun ishlovchi korxonalar, shuningdek, tashqi qarzni to‘lash bo‘yicha davlat budjeti va bank tizimlari imkoniyatlarini baholash zarur.
Beshinchidan, barqaror takror ishlab chiqarish jarayonini ta’minlash vaqt o‘tishi bilan ishlab chiqarish korxonalarining chet eldan xarid qilinadigan (import qurilmalar va texnologiyalar) aktivlarini qayta baholashni ko‘zda tutadi. Albatta, bunda ularning qiymati import jarayonida sun’iy oshirilmaganligi muhim hisoblanadi.
Oltinchidan, rasmiy almashuv kursining pasayishi ishlab chiqaruvchilar uchun o‘z mahsulotlari eksportidan daromadlari oshishini anglatadi, buning natijasida eksport mahsulotlarining ichki qiymati oshishi mumkin. Boshqacha aytganda, ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotlarini ishki bozorda sotish orqali eksportdan kam bo‘lmagan foyda olishga intiladi. Biroq oxirgi yillarda eksport subyektlari tomonidan majburiy sotish me’yorlarining qisqartirilishi va eksport rejimining liberalizatsiyasini hisobga olib, ushbu faktorning eksport mahsulotlari ichki narxlariga ta’siri katta bo‘lmasligini aytish mumkin.
Yettinchidan, o‘ta muhim masala — chet el valyuta bozori liberalizatsiyasidan so‘ng milliy valyuta va makroiqtisodiyot barqarorligini ta’minlash. Bu masalalarning yechimi ko‘p jihatdan o‘tkazilayotgan islohotlarning kompleksligi va sinxronligiga bog‘liq.
Islohotlarning eng dolzarb yo‘nalishlari quyidagilardir: a) mulk huquqini mustahkamlash va sud tizimi islohoti; b) bank tizimlari mustaqilligini ta’minlash, banklarni ularga xos bo‘lmagan funksiyalardan ozod qilish va bank sirlariga rioya etish; c) moliyaviy va moddiy resurslar ma’muriy taqsimotidan voz kechish va ularning erkin bozorini yaratish; d) ko‘p sonli samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, soliqlar miqdorini kamaytirish orqali fiskal siyosatni mukamallashtirish va boshqalar.
Sakkizinchidan, istalgan islohot, ayniqsa, valyuta siyosati islohoti jamiyatning turli guruhlari o‘rtasida daromadlarni qayta taqsimlashga olib keladi. Shubhasiz, liberalizatsiya tufayli yo‘qotishga duch keladigan kishilar guruhi topiladi va ular har qanday yo‘l bilan iqtisodiyot liberalizatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi.
Izoh (0)