Xitoylik olimlar ulkan virtual koinotni yaratdi. Buning uchun ular dunyodagi eng samarali Sunway TaihuLight superkompyuteridan foydalanishdi, deb xabar berdi Engadget.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, koinotni modellashtirish tadqiqot ishlarida ancha istiqbolli izlanishlarni amalga oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga olimlar Katta portlashdan so‘ng bir necha o‘n million yillar davomida koinotning kengayishini va paydo bo‘lishini qayta yaratishdi. Olimlarning aytishicha, bu 10 million protsessor yadrosiga ega superkompyuter uchun shunchaki “oddiy mashq”.
Tadqiqotning yetakchi muallifi Gao Lyanning ta’kidlashicha, simulyatsiya bir soatdan ortiqroq davom etadi. Biroq koinot Syurix universiteti astrofiziklari tomonidan iyun oyida, 80 soat davomida modellashtirilgan koinotdan besh barobar katta bo‘lib chiqdi. Gao Lyanning qo‘shimcha qilishicha, kompyuterning boshqa vazifalari ham bo‘lganligi sabab jarayonni to‘xtatishga to‘g‘ri kelgan.
2016-yilning noyabrida Sunwat TaihuLight TOP500 superkompyuterlar reytingida birinchi o‘rinni egallagan. Uning samaradorligi 93 petaflopsga teng (bir soniyada minglab trillion operatsiyalarni bajaradi).
Izoh (0)