Namanganda odam savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘aldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Pop tumani, “Istiqbol” MFYda yashovchi, 1970-yilda tug‘ilgan Jamila Norboyeva (ism-shariflar shartli) mahalladoshi bo‘lgan ikki ayolni Rossiyaning Klin shahrida oshpazlik bilan shug‘ullanishlarini aytib, aldab olib ketadi. U yerda pasportlarini olib qo‘yib, bir yil davomida fohishalik bilan shug‘ullanishlariga majbur qiladi. Hozirda J. Norboyevaga nisbatan Pop tuman IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Namangan tumani, “Xonobod” MFYda istiqomat qiluvchi, 1977-yilda tug‘ilgan Rahimjon Abdumalikov “Qoratepa” mahallasida yashovchi N. Nuriddinov, A. Dehqonov, Z. Oripov, N. Qo‘chqorovlarni qurilish ishlari borligini aytib, har oyga 400-500 dollar ish haqi va’da qilib, Qozog‘istonning Qarag‘anda shahriga olib borgan. So‘ng pasportlarini yig‘ib olib, Talg‘at ismli shaxsga topshirib yuborgan.
R. Abdumalikov hamyurtlarini uch oy davomida og‘ir mehnat sharoitida majburiy ishlatib, ish haqlari va pasportlarini bermaganligi aniqlandi. Unga nisbatan Namangan tuman IIB tomonidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)