Toshkentning “Obod” futbol klubi Oliy ligadagi faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda “Championat.asia” jamoada faoliyat olib borayotgan va nomi oshkor etilmagan kishiga asoslanib ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, endi klubning Ukrainadan homiylari bor va ular “Obod”ni moliyalashtirib boradi. Bunda investorlar aynan kim ekani, ular “Obod”ni qay usulda qo‘lga kiritgani borasida ma’lumot berilmagan.
Shundan kelib chiqib, “Obod”ni 2-davra o‘yinlariga ukrainalik bosh murabbiy Andrey Demchenko tayyorlamoqda. Xabarda keltirilishicha, mutaxassis 1976-yilda tavallud topgan. U Rossiya va Ukraina fuqaroligiga ega.
Demchenko o‘z vaqtida “SSKA”, “Ayaks”, “Metallurg-Z” “Ilichevets”, “Obolon”, “Dachiya”, “Gelios” kabi klublarda to‘p surgan. Murabbiy sifatida Zaparojyening “Imeks” klubida ish boshlagan. 2012-yil “Metallurg-Z” klubida ishlagan, keyingi ikki yil shu klub o‘rinbosarlarini shug‘ullantirgan.
“Obod” Oliy ligadagi navbatdagi o‘yinini 5-avgust kuni Namanganning “Navbahor” klubiga qarshi o‘tkazadi. Jamoa o‘zining uy uchrashuvlarini bungacha “Jar” stadionida o‘tkazib kelayotgandi. Biroq keyinroq o‘zining uy arenasi rekonstruksiya qilinayotgan “Paxtakor” “Jar”ni ijaraga oldi. Shundan keyin “Obod” qaysi stadionda o‘yinlarini o‘tkazishi hozircha ma’lum emas.
Izoh (0)