Amerikalik rok-musiqachi Elis Kuper omborxonasidan rassom Endi Uorxolning “Kichkina elektr stul” kartinasini topib oldi, u bir necha million dollar turishi mumkin, deb yozadi The Guardian.
Asar qizil-qora ranglarda chizilgan. Unda 1953-yilda Yulius va Etel Rozenberglarni qatl qilishda foydalanilgan elektr stul aks etgan. Amerikalik kommunistlar AQShda ishlab chiqilgan yadro bombasi chizmalarini Sobiq ittifoqqa berib yuborganlikda ayblangan. Asar Uorxolning “O‘lim va halokat” seriyasiga kirgan.
Qo‘shiqchining menejeri aytishicha, Kuper va Uorxol 1972-yilda Nyu-Yorkda do‘stlashib qolgan. Qo‘shiqchi rassomning ushbu asarini 2,5 ming dollarga sotib olgan va kartina tezda unutib yuborilgan.
2015-yil noyabrida “O‘lim va halokat” seriyasidagi asarlardan biri kimoshdi savdosida 11,6 million dollarga sotilgach, kartina haqida eslab qolishgan. U topilgach, Kuper asarni sotishdan bosh tortgan va uni uyiga osib qo‘yishini aytgan.
Izoh (0)