O‘zining ulkan o‘lchamlariga qaramasdan, oy-baliq okean faunasining eng kam o‘rganilgan vakillaridan biri bo‘lib qolmoqda. Uni tabiiy yashash muhitida uchratish juda qiyin. Avstraliyalik olimlar oy-baliqning yangi turini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda National Geographic xabar berdi.
Avstraliyaning Merdoka universiteti aspiranti Marianna Naygard faunaning bu vakillari ustida yangi tadqiqot o‘tkazgan. To‘rt yil davomida u sayyoraning turli qismlaridan oy-baliqning namunalarini yig‘gan. 150 ta DNK namunasining tahlili natijasida tadqiqotchi Mola turiga kiruvchi baliqning to‘rt xil ko‘rinishini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Ularning uchtasi — Masturus lanceolatus, Mola mola va Mola ramsayi olimlarga avvalroq ma’lum bo‘lgan, to‘rtinchisi esa yangi bo‘lib chiqdi. U Mola tecta nomini oldi.
Mola tecta o‘lchami bo‘yicha qondoshlaridan unchalik farq qilmaydi. U 2,5 metrgacha o‘sishi mumkin. Uning yaqqol belgisi terisidagi tangachalari va orqa suzgichidagi o‘simtasi hisoblanadi.
Tadqiqotlar davomida biolog baliqning yashash joyini ham aniqlashtirdi: Mola tecta nafaqat Yangi Zelandiya, balki Janubiy Afrika va Chili qirg‘oqlarida ham uchrashi mumkin.
Izoh (0)