Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi Vifleyem shahridagi xristianlar Quddusdagi al-Aqso masjidi himoyasi yo‘lida norozilik aksiyasi o‘tkazdi. Bu haqda, Falastinning WAFA agentligiga asoslangan holda, “TASS” xabar bermoqda.
“Falastin xristianlari va musulmonlari bitta xalq bo‘lib qoladi va Quddusning muborak joylarini himoya qilishda davom etadi, negaki bu ularning milliy boyligidir”, — dedi to‘planganlarga “al-Xarak al-Masihiy” harakati rasmiy vakili Jalol Burhum.
O‘z navbatida, Falastin muxtoriyati hukumatidagi xristianlar ishlari bo‘yicha vazir Ziyod al-Bandak Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni ixtilofni siyosiy maydondan diniy maydonga ko‘chirishga urinishda aybladi.
“Bizning aksiyamiz — jahon hamjamiyatiga Falastin xristianlari okkupatsiyadan qutulish bo‘yicha umumiy kurash bilan birlashtirilganini ko‘rsatuvchi xabardir”, — ta’kidladi u.
Ilgari xabar qilinganidek, o‘tgan hafta uch jangari Ibodatxona tog‘ida ikki politsiyachini o‘ldirib ketgani bu hududda xavfsizlik choralarining kuchaytirilishiga sabab bo‘ldi. Jumladan, Ibodatxona tog‘iga chiqish uchun metall aniqlovchi romlardan o‘tish talab etiladi. Bundan tashqari, elikka to‘lmagan musulmonlarga al-Aqsoda namoz o‘qish taqiqlandi.
Bu choralar mahalliy musulmonlar orasida keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi. Ular namoyishlar uyushtirmoqda, shuningdek, politsiya bilan to‘qnashuvlarga kirishmoqda.
Izoh (0)