Yosh Forest Gampga onasi aytgan so‘zlar yodingizdami? “Hayot — shokoladli konfetlar qutisiga o‘xshaydi: ichi qanaqasi tushishini hech qachon bilmaysan”. Tirkamali yuk mashinasi avariyaga uchraganda ham shunga o‘xshash holat yuz beradi. Moddiy zararni inobatga olmasak, ular kulgili manzara hosil qiladi, deb yozadi Motor nashri.
Bo‘yoq
2015-yilda yuz bergan yo‘l-transport hodisasidan so‘ng avariya joyi “Simpsonlar” multfilmidan parchani yodga soldi. YTHga uchragan yuk mashinalaridan biri kuzovida sariq bo‘yoq olib ketayotgan edi. Hodisa oqibatida uning kuzoviga zarar yetdi.
Avariya oqibatida yuk mashinasi kabinasi va haydovchi ham sariq rangga kirgan. Avariya ancha jiddiy ko‘rinsa-da, har ikkala haydovchiga zarar yetmagan va ular ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifoxonaga yetkazilgan.
Pivo
Shu yilning 7-iyul kuni Temp yaqinida (Arizona shtati) yuz bergan avariya mahalliy aholini quvontirdi deyish ham mumkin. Unda hech kim jabrlanmadi, albatta. International yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi natijasida tirkama yo‘l chekkasiga chiqib ketdi va yonboshga ag‘darildi.
Avariya oqibatida bir necha o‘nlab pivo yashchigi tirkama tomini buzib yubordi va tashqariga to‘kildi. Yuk mashinasi haydovchisiga yengil shikastlanishlar yetgan va uning hayotiga hech narsa tahdid qilmagan. Pivo ortilgan yuk mashinalari ishtirokidagi avariyalar tez-tez uchrab turadi, biroq amalda bu haydovchining mast holatda ekanligidan yuz bermaydi.
Jo‘jalar
2015-yilning avgustida Xitoy sharqida haydovchi boshqaruvni yo‘qotganligi tufayli 10 minglab kichkina jo‘jalar ozodlikka chiqib ketdi. Haydovchining baxtiga yaqin qishloqning ko‘ngilli aholisi jajji qochoqlarni tutishga yordam berdi.
YTH oqibatida bir nechta jo‘ja halok bo‘ldi, ammo ko‘p qismi tirik qoldi. Biroq ularning taqdiri ham havas qilarli emas — yetti ming dollar qiymatga ega bo‘lgan yuk restoranlar uchun mo‘ljallangan edi.
Ilonbaliq
Oregon shtatida uch yarim tonnaga yaqin shilliq ilonbaliq olib ketayotgan yuk mashinasi ag‘darilib ketdi. Shilimshiqning g‘ildiraklar harakatlanishiga ta’siri tufayli yana beshta avtomobil avariyaga uchradi.
Hodisalar zanjiri oqibatlarini bartaraf etish uchun huquq-tartibot xodimlari shosseni bir necha soatga yopib, o‘t o‘chiruvchilar va traktorlarni jalb etishga majbur bo‘ldi.
Pul
2015-yil kirib kelishi arafasida Gonkongda inkassator furgoni yengil avariyaga uchradi. Zarba kuchli bo‘lmaganligiga qaramasdan, mashinaning orqa eshigi unga dosh berolmadi va 2 million yevroga teng pul ko‘chaga sochilib ketdi. Bir necha daqiqadan so‘ng yo‘lda ulkan tirbandlik yuzaga keldi.
Politsiya odamlarni pullarni qaytarishga chaqirdi, biroq insof tuyg‘usi hammada ham uyg‘onavermadi. Yuz bergan hodisa qaysidir filmni (yoki rep ijrochi klipi) suratga olish jarayonini eslatdi.
Izoh (0)