Falastin prezidenti Mahmud Abbos yahudiylar hamda musulmonlar muqaddas deya hisoblovchi — Ibodatxona tog‘i hududidan metall buyumlarni aniqlovchi detektorlar olib tashlanmaguniga qadar Isroil bilan aloqalar vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qildi. Bu haqda Haaretz’ga tayanib, “Gazeta.ru” xabar berdi.
Shuningdek, u HAMASni ushbu imkoniyatdan falastinliklarning milliy yarashuvida foydalanishga chaqirdi.
Falastin rahbari bu kabi bayonot bilan Quddusdagi zo‘ravonliklar va Iordan daryosining G‘arbiy sohilida uch nafar falastinlik o‘ldirilganidan so‘ng chiqdi.
Al Jazeera telekanalining ma’lumotlariga ko‘ra, qotillik 21-iyul kuni sodir bo‘lgan. Birinchi falastinlik Sharqiy Quddusda o‘ldirildi, ikkinchisi — juma namozidagi tartibsizliklar vaqtida olovdan halok bo‘ldi, uchinchisi esa — Iordan daryosining G‘arbiy sohilida Isroil harbiylari bilan yuzaga kelgan to‘qnashuv vaqtida o‘ldi.
Shunday bo‘lsa-da, Isroil hamda Falastin o‘rtasidagi ziddiyat 14-iyulda paydo bo‘lgan edi. O‘sha vaqtda uch nafar falastinlik politsiyachi guruhiga qarata o‘q uzgandi. Hujum uyushtirganlar qo‘lga olingan va shundan so‘ng Isroil Ibodatxona tog‘iga shu kabi noxush hodisalarning oldini olish maqsadida metall buyumlarni aniqlovchi detektor o‘rnatgan edi.
Mahmud Abbosning aytishicha, u Iordaniya, Misr, Saudiya Arabistoni va Marokash davlatlarining rahbarlari bilan gaplashib, ulardan Isroil o‘zining Ibodatxona tog‘idagi harakatlarini to‘xtatishini talab qilishini so‘ragan.
Shuningdek, Falastin rahbari Isroilni qo‘lga olingan barcha falastinlik asirlarni qo‘yib yuborishga chaqirdi va so‘nggi zo‘ravonliklar oqibatida barcha jabrlanganlarni davolash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqishini ta’kidlab o‘tdi.
Izoh (0)