Shimoliy Koreyada 2001-yildan keyingi eng kuchli qurg‘oqchilik qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarar yetkazdi, mamlakatga zudlik bilan yordam ko‘rsatish zarur. Bu haqda BMT oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Yevropa komissiyasi bilan hamkorlikda tayyorlagan hisobotda ma’lum qilindi, deya xabar beradi “TASS”.
Ekspertlar boshoqli ekinlarning asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan tumanlarda yog‘inlar miqdori ularni yetishtirish rekord darajada past (2 million tonna) bo‘lgan 2001-yil ko‘rsatkichidan ham kamayib ketganini bildirmoqda.
Qurg‘oqchilikdan asosiy ekinlar, jumladan, sholi, makkajo‘xori, kartoshka va soya jabr ko‘rdi. Bu yilgi ilk hosil o‘tgan yilgidan 30 foiz kam bo‘ldi, buning oqibatida yuzaga kelgan oziq-ovqat yetishmovchiligi esa aholining katta qismi ochlikka yuz tutishiga olib keldi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR aholisining 70 foizi, ya’ni 18 millionga yaqin kishi oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda.
Izoh (0)