Marg‘ilon shahrida Damas avtomobili ko‘prikdan katta tezlikda tushayotib, “KamAZ” yuk mashinasiga urilib ketdi. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” (Drivers.uz) guruhi a’zosi ma’lum qildi.
Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. Muallif yozishicha, haydovchi 23 yoshli yigit bo‘lgan.
Postga ilova qilingan suratda Damas’ning yuk mashinasiga kelib urilgan tomoni butunlay pachoq bo‘lgani, avtomobilning faqat qolgan yarmi butun turganini ko‘rish mumkin. “KamAz”ga esa deyarli hech qanday zarar yetmagan, bir tomondagi old chiroqlari atrofi biroz shikastlangan, xolos.
Postga izoh yozganlarning ko‘pchiligi hodisada Damas avtomobilini ayblab, ushbu mashinalar ko‘plab odamlarning hayotiga zomin bo‘lganini ta’kidlagan. Damas’larni iste’moldan chiqarib tashlashni, hech bo‘lmaganda, ularda yo‘lovchi tashishni taqiqlashni taklif qilishgan.
Izoh (0)