Samarqand viloyat hokimligida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Turobjon Jo‘rayev viloyat Kengashi uyushmagan yoshlarning ichiga kirishi, ularning muammolari, qiynab kelayotgan masalalarini tahlil qilib, hayotda o‘z o‘rnini topishlarida amaliy yordam ko‘rsatish dasturini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, tarbiyasi og‘ir, jinoyatga moyil yoshlarni aniqlab, ular bilan alohida ish olib borishni tashkil qilish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, oila muqaddasligi g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, erta turmush qurish va yosh oilalar ajralishining oldini olishga qaratilgan samarali tadbirlarni amalga oshirish masalalariga to‘xtaldi.
Tadbirda tashkiliy masala ko‘rildi. Rustam Qobilov O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashining raisi etib saylandi.
Kengaytirilgan yig‘ilishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari O. Tadjiyev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Izoh (0)