Go‘sht narxining oshishi sabablari ma’lum qilindi

Bugungi kunda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan go‘sht narxi oshishi bilan bog‘liq sabablarga “Darakchi.uz” nashri oydinlik kiritishga qaror qildi.

Foto: “Darakchi.uz”

Respublika bo‘ylab bu holatning kuzatilishiga sabab nima? Jurnalist poytaxt dehqon bozorlarida surishtiruv o‘tkazdi.

Surishtiruvda ma’lum bo‘lishicha, “Chorsu” bozorida lahm go‘shtlarning narxi 1 kilogramm uchun 35–36 ming so‘m, suyakli go‘shtlar esa 28–30 ming so‘m sotilyapti. Ma’lumot uchun: o‘tgan oyda ayni shu turdagi, ya’ni suyaksiz lahm go‘sht 28 ming, suyaklisi esa 25 ming so‘mdan xaridorlarga yetkazilgan.

Surishtiruv jarayonida boshqa go‘sht mahsulotlarning narxida ham xuddi shunday o‘sish borligiga guvoh bo‘lindi: suyaksiz ot go‘shti 1 kilogramm uchun 25–30 ming so‘m; jigar 20–22 ming so‘m; qazi 52 ming so‘m (xomi ham, tayyori ham); qiyma 20–25 ming so‘m. Bu narxlar ham o‘tgan oydagiga nisbatan turiga qarab kamida 3 ming so‘mgacha o‘sgan.

“Qo‘yliq” bozoridagi surishtiruvda ham xuddi shunday narxlardagi o‘sishga guvoh bo‘lindi: bu yerda ham lahm go‘shtlar 30–32 ming so‘m narxda sotilmoqda. Sotuvchining ta’kidicha, o‘tgan oyda ayni shu turdagi go‘shtlar 25–28 ming so‘m xaridorlarga yetkazilgan.

Qassoblarning qayd etishicha, narxlardagi bunday o‘zgarishlarga viloyatlardan mol olib kirish qiyin bo‘layotgani, chorva mollari uchun yem-xashaklarning narxi ham ko‘tarilgani ularning go‘shtga nisbatan shunday narx qo‘yishiga sabab ekan. Shuningdek, go‘shtlar sifatiga qarab ham narxlanadi.

Katta savdo markazlarda lahm mol go‘shti 1 kilogramm 39490–39990 so‘m, qo‘y go‘shtiniki esa 1 kilogramm uchun 28000–31990 so‘m narxda savdoga qo‘yilgan.

Go‘sht narxi nimaga oshayotgani haqidagi savol bilan “O‘zbekoziqovqatxolding”ga murojaat qilindi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida go‘sht narxi talab va taklif, shuningdek uni ishlab chiqarish harajatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Shu munosabat bilan bozorda go‘sht narxi ishlab chiqaruvchilar (xo‘jalik subyektlar) tomonidan belgilanadi, deyiladi tashkilot javobida.

Narx oshishiga olib kelayotgan omillar orasida quyidagilar keltiriladi:

Mavsumiy omillar. Aksariyat chorva mollari shaxsiy tomorqalarda ekanligini inobatga olib, bahorda mollar yaylovlarga yuboriladi. Mollarning ozg‘inligi bois uni so‘yish kamayadi. Natijada go‘shtning xarid narxi oshib ketadi.

Yem narxining oshishi. Ozuqa mahsulotlarining bahosi qimmatligi ham go‘sht narxi oshishiga olib keladi.

O‘zbekiston Tovar xomashyo birjasining joriy yil 15-iyun ma’lumotlariga ko‘ra, omuxta yemga 5–9-iyunda belgilangan narxlar 1 tonna uchun 556624 so‘mni tashkil etmoqda. Demak, 1 kilogramm omuxta yemning narxi 556 so‘m, ya’ni o‘sish kuzatilgan. Kunjara, ya’ni paxta chigiti shrotining narxi ham joriy yil 5–9-iyun sanalarida 1 tonna uchun 971499 so‘m qilib belgilangan. Bu 1 kilogramm uchun 971 so‘m degani.

Bu ozuqa mahsuloti esa arzonlashgani qayd etilgan. Arpaning narxi xuddi shu davrlar uchun 1 tonnaga 595404 so‘m belgilangani holda, bunda ham narxning arzonlashgani ko‘rsatilgan. Ushbu ma’lumotlar bilan tanishgach, Tovar xomashyo birjasi belgilagan narxlar joylarda ham xuddi shu miqdorda amal qilyaptimi, degan savol tug‘ildi.

Surishtiruvimizdan ma’lum bo‘lishicha, joylarda 1 kilogramm omuxta yemning o‘rtacha narxi 1800 so‘m, kunjaraniki 2200 so‘m, arpaniki esa 1200 so‘m ekan. Davlat belgilangan va chorvador xarid qilayotgan haqiqiy narxlar o‘rtasidagi tafovutni anglash uchun u qadar katta savod talab qilinmaydi.

Narxning oshishiga sabab bo‘layotgan yana bir omilni ham qayd etish lozim. Yaqingacha O‘zbekistonda go‘sht eksporti taqiq ostida bo‘lgan bo‘lsa, bugun Prezidentning “Mahsulotlar eksportini rag‘batlantirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini chetga olib chiqish imkoni paydo bo‘lgan. Ayni damda tovuq go‘shtini eksporti bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlanmoqda. Shu munosabat bilan ushbu mahsulotning ham narxi oshishi ehtimoldan xoli emas.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing