Global isish kelajakda fuqarolik samolyotlarining uchdan bir qismi parvoziga to‘sqinlik qilishi mumkin. Olimlar aks holda yoqilg‘ini to‘kish yoki yo‘lovchilarni tushirishga to‘g‘ri kelishi haqida ogohlantiradi. Dunyo aviatsiyasining global isishni tezlashtirishga qo‘shgan ulushi bir necha marta tadqiqotlar va hisob-kitoblar mavzusiga aylangan. Kolumbiya universitetining (AQSh) Etan Koffel boshchiligidagi olimlar guruhi havoning isishi kelajakda samolyotlar parvozi va aerodromlardan uchishiga qanday ta’sir qilishi mumkinligini aniqlashga qaror qildi, deb yozadi “Gazeta.ru”.
O‘rtacha haroratning dunyoviy ko‘lamda o‘sishi samolyotlar parvoziga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishi va issiq kunlarda reyslarning uchdan bir qismi bekor qilinishiga olib kelishi mumkinligi aniqlandi.
Aks holda samolyotlardan yoqilg‘ini to‘kish yoki bagaj yo yo‘lovchilarni tushirishga to‘g‘ri keladi.
“Tadqiqotimiz natijalari shuni ko‘rsatadiki, vazn bo‘yicha cheklovlar aviakompaniyalar uchun kutilmagan chiqim bo‘lishi va butun dunyo bo‘yicha aviatsiya tashuvi uchun zarba berishi mumkin”, — deb hisoblaydi Koffel.
Hamma gap samolyot uchish davomida ko‘tarilish kuchiga erishuvchi havoda. Havo isiy turib, kengayadi. Uni zichligi esa kamayadi. Siyraklashgan havoda qanotlar kamroq ko‘tarilish kuchini hosil qiladi. Shuning uchun uchish yo‘lagi uzunligi va samolyot modeli hisobga olinadigan ma’lum bir vaziyatlarda to‘la samolyotlar uchish yo‘lagidan ko‘tarila olmaydi. Ularni bo‘shatish yoki parvozdan voz kechishga to‘g‘ri keladi.
Iqlim kuzatishlariga ko‘ra, 1980-yildan buyon sayyoradagi o‘rtacha havo harorati Selsiy bo‘yicha, taxminan, 1 darajaga ko‘tarilgan. Qanchalik g‘aroyib tuyulmasin, havo haroratining oshishi haqiqatan ham samolyotlarning havoga ko‘tarilish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Misol uchun, o‘tgan oy davomida Feniks aeroportida (AQSh, Arizona shtati) American Airlines aviakompaniyasining 40 dan ortiq reysi bekor qilingan.
Bunga u yerdagi yuqori havo harorati (48 daraja) sabab bo‘lgan.
Bu kabi jaziramada ko‘plab regional samolyotlar aeroportdan uchib keta olmagan. Iqlimshunoslarning bashoratlariga ko‘ra, 2100-yilga kelib Yerdagi atmosfera o‘rtacha harorati yana 3 darajaga oshishi mumkin. Biroq bu kutilayotgan muammolarning bor-yo‘g‘i bir qismidir.
Olimlar global isish oqibatida ob-havoning ekstremal hodisalari, jumladan 2010-yilning yozida Moskvada kuzatish mumkin bo‘lgan issiqlik to‘lqinlari ko‘proq yuz berishi mumkinligini ta’kidlamoqda. 2080-yilga kelib dunyo aeroportlaridagi kunduzgi maksimal harorat 4—8 darajaga ko‘tarilishi mumkin.
Mazkur issiqlik to‘lqinlari aviatsiya uchun asosiy muammoga aylanishi mumkin.
2015-yilda mazkur olimlar kichikroq tadqiqot o‘tkazdi. Ular tadqiqotda kelajakda jazirama bilan bog‘liq bekor qilingan reyslar Amerikaning Denver, Feniks, Nyu-Yorkning La-Guardiya va Vashingtonning Ronald Reygan aeroportlarida to‘rt marta oshishi mumkinligini ma’lum qildi.
Olimlarning fikricha, global isish hozir kuzatilayotgan sur’atlarda davom etsa, samolyotlarning ba’zi turlarida issiq kunlarda uchish vaznini 4 foizgacha kamaytirishga to‘g‘ri keladi.
Misol uchun, yo‘lovchi sig‘imi 160 kishilik zamonaviy samolyot uchun vaznni to‘rt foizga kamaytirish reysdan 12—13 kishini tushirib qoldirishga tengdir.
Aynan shu sabab tufayli kechikkan va bekor qilingan reyslar birmuncha chiqimlarga ham sabab bo‘lishi ta’kidlanadi.
Masalan, uchish yo‘lagi qisqa La-Guardiya aeroportidan parvoz qilayotgan Boeing 737—800 samolyotlari issiq kunlarda har ikkinchi parvozda “yengillashishga” majbur bo‘ladi. Aeroportlar uchish-qo‘nish yo‘lagi uzun bo‘lsa-da, issiq iqlimda joylashgan Dubay aeroportlarida ham vaziyat bundan yaxshi bo‘lmaydi.
Tadqiqot hammuallifi Redli Xortonning so‘zlariga qaraganda, iqlim isishining salbiy oqibatlarini samolyotlarning yanada kuchli va tejamli dvigatellari hamda samaraliroq aerodinamikasi yordamida yengib o‘tish mumkin.
Izoh (0)