14-iyul kuni Londonda paralimpiya yengil atletikasi bo‘yicha Jahon chempionati start oladi, deb “Daryo”ga ma’lum qildi O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi matbuot xizmati. Mundial bellashuvlari 23-iyulga qadar davom etadi.
Jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini Rio—2016 Paralimpiadasida sovrindor bo‘lgan yetti nafar sportchi himoya qiladi. Ular kecha — 11-iyul kuni Londonga jo‘nab ketgan.
Yengil atletikaning disk va yadro uloqtirish bellashuvlarida Rio—2016 rekordchisi, Paralimpiada chempioni Xusnuddin Norbekov, nayza otishda Rio—2016 hamda Bokudagi “Islom birdamligi o‘yinlari” rekordchisi va chempioni Aleksandr Svechnikov O‘zbekiston bayrog‘i ostida chiqib keladi.
Shuningdek, 100 va 200 metrga yugurishda Mansur Abdurashidov, 400 va 1500 metrga yugurishda Incheon—2014 Paraosiyo o‘yinlarida 2 ta oltin medal olgan Ma’rufjon Murodullayev, uzunlikga sakrashda Baku—2017 chempioni Doniyor Soliyev kuch sinashadi.
Jahon chempionatida o‘zbekistonlik ayol sportchilar ikki nafarni tashkil qiladi. Yadro uloqtirishda Rio—2016 da kumush medalni qo‘lga kiritgan Sofiya Burxonova, nayza otishda esa Rio—2016 rekordchisi va oltin medali sohibasi Nozimaxon Qayumova bosh sovrin uchun kurash olib boradi.
Londondagi turnir 10 kun davom etib, 1300 sportchi 213 ta medallar shodasi uchun raqobatlashadi.
Izoh (0)