Toshkent shahar IIBB xodimlari talonchilik bilan bog‘liq jinoyatni fosh qildi. Bu haqda idoraning rasmiy sayti orqali ma’lum qilindi.
“6-iyun kuni taxminan soat 14:00 larda noma’lum shaxslar bosqinchilik yo‘li bilan o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida Chilonzor tumani hududida fuqaro Bekmuradov Davron Mamatkarimovichni pichoq bilan qo‘rqitib, unga tegishli bo‘lgan 8370000 so‘m pulni egallab olib, jinoyat joyidan yashiringanlar”, — deyiladi xabarnomada.
Holat yuzasidan JKning 164-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (bosqinchilik) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni muqaddam sudlangan Rashidov Abduvoxid Abdujalilovich, Xadarsev Soslan Vladimirovich va Sa’dullayev Murodjon Dilmurod o‘g‘li sodir etganliklari aniqlangan.
Rashidov va Xadarsevlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan. Sa’dullayevni ushlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.
Izoh (0)