Greenpeace faollari AQSh prezidenti Donald Trampning Parij bitimini yirtayotgan chaqaloq ko‘rinishidagi yetti metrli haykalini G20 sammiti bo‘lib o‘tayotgan Gamburg shahriga o‘rnatdi. Greenpeace aksiyasi AQShning iqlimni himoya qilishga yo‘naltirilgan bitimdan chiqishiga norozilik namoyishi sifatida o‘tkazilmoqda. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytiga joylashtirilgan press-relizda so‘z boradi, deb xabar berdi “TASS”.
Tramp ko‘rinishidagi yig‘layotgan chaqaloq haykaliga papye-mashedan tayyorlangan taglik kiygizib qo‘yilgan. U qo‘lida Parij bitimining yirtilgan nusxasini ushlab turibdi. Haykal Elba daryosidagi vaqtinchalik ko‘prikka — G20 yetakchilari uchun konsert bo‘lib o‘tgan filarmoniya binosining qarama-qarshisiga o‘rnatildi.
“G20 ning boshqa yetakchilari Tramp qachon katta bo‘lishini kuta olmaydi”, — dedi Greenpeace’ning iqlim muammolari bo‘yicha eksperti Karsten Smid. U “yigirmalik” yetakchilarini Parij bitimini qayta ko‘rib chiqish lozim emas, degan fikrda qat’iy turishlariga chaqirdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 1-iyun kuni Amerika Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishini e’lon qilgandi.
Izoh (0)