Insider Pro nashri elektronika ishlab chiqarish zavodi atrofida yetti yil mobaynida butun bir shahar paydo bo‘lganligi haqida hikoya qiladi.
Fermer Chjan Xaylin makkajo‘xori va bug‘doy dalalari ustida vertolyotlar paydo bo‘lgan 2010-yilning o‘sha kunini yaxshi eslaydi. Mashinalar ma’lum bir joylarga ulkan sharlar — yer ishlari uchun ko‘rsatkichlarni tashlar edi. “Uch kun o‘tib bu yerga yuzlab buldozerlar yetib keldi”, — deydi u.
Bu Xitoyga iPhone’ning kirib kelishi edi. Tez orada Chjenchjouda yangi sanoat shahri paydo bo‘ldi, mahalliy aholi unga iPhone-siti deb nom berdi.
Bor-yo‘g‘i bir necha oy ichida ishchilar zavod korpuslarining koroblarini barpo etdi, elektr uzatish simlarini tortib keldi va Apple’ning deyarli barcha smartfonlarini teruvchi Foxconn Technology Group fabrikasi darvozalariga ishchilar bilan to‘la avtobuslar kela boshladi.
Bir yil o‘tib Foxconn rahbari milliarder Terri Gou zavod majmuasida 100 ming ishchi mehnat qilayotganini ma’lum qildi. Bugungi kunga kelib Foxconn fabrikasida 250 mingga yaqin odam ishlaydi.
Tahlilchilarning baholashicha, rasman Hon Hai Precision Industry Co. nomi bilan mashhur Foxconn har yili 150 million iPhone, shuningdek, 20 million iPad va boshqa elektron qurilmalarni yig‘adi. Foxconn’ning ta’kidlashicha, kompaniyada butun Xitoy bo‘ylab va boshqa hududlar, jumladan janubiy Shenchjenni hisobga olganda bir million kishi ishlaydi. Kompaniya Shenchjenda to‘liq maxfiylik sharti bilan birinchi iPhone ishlab chiqarishni boshlagan edi.
Pekin hududda yuqori texnologiya ishlab chiqarilishi taraqqiyotini qo‘llab-quvvatladi. Xitoy yetakchilari ularning fabrikalari plastik o‘yinchoq va kiyim-kechak tayyorlashdan daromadliroq biror faoliyat bilan shug‘ullanishini istar edi.
O‘zgarishlar millionlab xitoylikning hayotiga ta’sir ko‘rsatdi — ularning ko‘pchiligi va niyohat munosib ishga ega bo‘ldi, biroq ba’zi bir xitoyliklar bir xil ishdan, qat’iy qoidalar va yashash sharoitlaridan shikoyat qildi.
iPhone’ning global muvaffaqiyati Apple yetkazib beruvchilari ustidan nazoratni kuchaytirishiga olib keldi. Kompaniya Foxconn va boshqa pudratchilar sohaning eng talabchan me’yorlariga rioya etishini diqqat bilan kuzatib borishini ma’lum qildi. Apple 12 million ishchi uchun ularning huquqlari haqida yo‘riqnoma o‘tkazdi, ish haftasini 48 soat bilan chekladi va muntazam ravishda trening va malaka oshirish kurslarini o‘tkazib keladi.
“Biz yetkazib beruvchilarimiz o‘zimiz amal qiladigan me’yorlarga rioya etishini kuzatib boramiz: ular barcha narsaga hurmat bilan yondashishi lozim”, — deydi kompaniya.
Apple oxirgi besh yil ichida yetkazib beruvchilarining ish haqi va mehnat sharoitlari sezilarli darajada yaxshilanganligini ta’kidlaydi.
Chjenchjouda asosan Foxconn sobiq xodimlari tomonidan ochilgan savdo markazlari, restoranlar va karaokelar qad rostladi. Davlat statistikasi 94 million aholiga ega bo‘lgan qashshoq Xenan provinsiyasi eksporti bir necha barobar oshganligini ko‘rsatdi.
Xitoylik mansabdorlar iPhone’ni quchoq ochib kutib oldi: kompartiya yetakchilari Chjenchjou okrugini maxsus savdo zonasi deb e’lon qildi, provinsiya esa barcha resurslarini iPhone-siti qurilishi uchun yo‘naltirdi.
Apple joriy kuzda iPhone’ning yangi modelini chiqarishi lozim va Foxconn rekruterlari allaqachon qishloqlar bo‘ylab yurib, ishchi kuchini qidirishni boshlab yubordi.
Foxconn ishchilari sokin oylarda 1 900 yuandan 4 000 yuangacha, ishlab chiqarish oshganda esa undan ham ko‘proq maosh oladi. Bu unchalik ko‘p emas, biroq ular qishloqda olishi mumkin bo‘lgan daromaddan ancha yuqori. Aksariyat ishchilar o‘zi uchun iPhone xarid qilishni ep ko‘rmaydi va Xitoyning arzonroq smartfonlarini sotib oladi.
Chjenchjouda Foxconn yoki Apple yana qancha vaqt davomida iPhone-sitiga zarurat sezishi yuzasidan xavotirlanish hissi mavjud. O‘tgan yili iPhone sotuv hajmi ilk bor pasaydi va Davlat kengashi vaziri Li Ketsyan joriy yilda smartfonlar ishlab chiqarish kamayib ketish-ketmasligi bilan shaxsan qiziqdi.
Foxconn Chjenchjouda foydalanayotgan binolarning 80 foizini xarid qilganligi, qolgan qismini ham ijaraga olishi va shahar rivojlanishi uchun investitsiya kiritishda davom etishini ma’lum qildi.
“Foxconn yuz minglab mahalliy ishchini o‘qitishga yordam berdi. Endi ular ushbu ko‘nikmalaridan boshqa ish o‘rinlariga o‘tish uchun foydalanishi mumkin ”, — deydi Xenan provinsiyasi iqtisodiyot professori Shi Pu.