Bugun “Bunyodkor” futbol klubi tashkil etilganiga roppa-rosa 12 yil to‘ldi, deb yozdi jamoa matbuot xizmati.
Klub 2005-yilning 6-iyul sanasida tashkil topgan. O‘shanda “Quruvchi” nomi ostida faoliyat yurita boshlagan jamoa havaskorlar o‘rtasidagi Toshkent shahar chempionati orqali birinchi ligaga yo‘llanma beruvchi o‘tish turnirining final bosqichida ishtirok etgan. Musobaqa yakuniga ko‘ra “Quruvchi” Birinchi ligaga berilgan yo‘llanmalardan birini qo‘lga kiritgan.
2006-yil Birinchi liga yakuniga ko‘ra “Quruvchi” Oliy ligada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi: 27 g‘alaba, 5 durang va 6 mag‘lubiyat.
Oliy ligadagi debyut mavsumdayoq “Quruvchi” bir necha yangi rekordlar o‘rnatdi. Mamlakat grandlari bilan uchrashuvlarda eng ko‘p gol urish, eng kam gol o‘tkazish, eng ko‘p ochko jamg‘arish kabi ko‘rsatkichlarda yangi sahifalar ochildi. Qolaversa, debyutant jamoa vakili Ilhom Mo‘minjonov mavsum yakunida chempionatning eng yaxshi to‘purari nomiga sazovor bo‘ldi.
2008-yilning 3-avgustidan boshlab jamoa nomi “Quruvchi”dan “Bunyodkor”ga o‘zgartirildi. Qisqa fursat ichida “Bunyodkor” besh karra mamlakat chempioni, uch karra vitse-chempion, mamlakat kubogining to‘rt karra sohibi, O‘zbekiston Superkubogi egasiga aylandi. “Bunyodkor” qit’amiz klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasi — Osiyo Chempionlar ligasida ikki marta yarim finalga qadar yetib bordi.
2008-yilda “Bunyodkor” futbolchisi Server Jeparov Osiyoning eng yaxshi futbolchisi, deb tan olindi. OFK-2015 yil yakunlariga ko‘ra “Bunyodkor” xizmatlarini yana bir bor e’tirof etdi. Mavsum yakunida aniqlangan Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi nominatsiyasining yakuniy uchlik ro‘yxatini “qaldirg‘ochlar” to‘liq to‘ldirdi va yakunda g‘oliblik Doston Hamdamovga nasib etdi. O‘tgan vaqt mobaynida “Bunyodkor” brendi nafaqat Osiyoda, balki butun dunyo bo‘ylab tarqaldi.
O‘tgan vaqt ichida zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan “Bunyodkor” stadionida barpo etildi. Klub qoshidagi futbol maktabi o‘z obro‘siga ega bo‘ldi. “Bunyodkor” tarbiyalanuvchilari turli yoshdagi O‘zbekiston termalarida harakat qilmoqda.
Izoh (0)