Kosatkalarni tadqiq etish bo‘yicha Uzoq Sharq loyihasi (FEROP) guruhi tadqiqotchilari Kamchatka sohillari yaqinidagi kuzatuvlar tarixida ilk bor kosatkalar to‘dasining 12 metrli kitga hujumini videoga tushirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Sankt-Peterburg davlat universiteti ilmiy xodimi, biolog Tatyana Ivkovichning so‘zlariga ko‘ra, ular bungacha kosatkalar tomonidan kitning tanovul qilinayotganini ko‘rgan, biroq birinchi marta bevosita ov jarayoniga guvoh bo‘ldi.
“Kosatkalar to‘dasi uncha katta bo‘lmagan, 12 metrli kitni obdon quvladi, uni charchatib, so‘ng hujum qildi. Yirtqich kosatkalar odatda kichik guruh bo‘lib suzadi, biroq kitlarni ovlashga chiqqanida, birlashadi. Bu safargi ovda yetti jonivor qatnashdi, so‘ng ular safiga yana to‘rt kosatka qo‘shildi”, — dedi Ivkovich.
Biolog-olimning so‘zlariga ko‘ra, tasvirga olish jarayonida nafaqat kvadrokopterdan, balki suv ostidan chiqayotgan ovozlarni ham yozib olish imkonini beruvchi gidrofonlardan foydalanilgan bo‘lib, bu ham kamyob hodisa hisoblanadi.
Izoh (0)