Konfederatsiyalar kubogidagi xatosi uchun chililik himoyachi muxlislardan yig‘lab uzr so‘radi
Germaniyaning g‘alabasi bilan yakuniga yetgan Konfederatsiyalar kubogidan so‘ng chililik himoyachi o‘z muxlislaridan yig‘lab uzr so‘radi, deb yozdi “Sports.ru”.
Hal qiluvchi o‘yinda “Selta” klubining 30 yoshli himoyachisi Marselo Dias jarima maydonchasi yaqinida toyib ketdi. Uning bu xatosidan foydalangan Timo Verner to‘pni olib qo‘ydi, hujum Lars Shtindlning goli bilan yakun topdi va kubok Germaniyaga ketdi.
O‘yindan so‘ng mikst-zonada Dias ko‘z yoshlarini tutib turolmadi.
Chili terma jamoasi bosh murabbiyi Xuan Antonio Pitssi va jamoa yetakchisi Arturo Vidal o‘yindan keyin Diasning yonini olib chiqishdi.
Hozir hamma xafa, Dias esa barchadan ko‘ra ko‘proq xafa. Biz uning shunday o‘ynashda davom etishini istaymiz. Marselo kabi futbolchilar tufayli finalga qadar yetib keldik. U bizning yetakchi, hujumlarni ham aynan Dias boshlaydi. Xatolar futbolda bo‘lib turadi.Xuan Antonio Pitssi, Chili bosh murabbiyi
Bir necha kun o‘tib, Marselo Dias Instagram sahifasida muxlislarga murojaat qildi.
Maydon yoki boshqa narsani sabab qilmoqchi emasman, bu faqatgina mening xatoyim edi. Jamoa yaxshi o‘ynadi, ammo qilgan xatoyim tufayli mag‘lub bo‘ldik.
14 yil oldin eng og‘ir zarbani his qilganman, o‘shanda akam vafot etgandi. Endi futbolchilikda xuddi shunday zarbani qabul qildim. Futbol o‘sha mash’um voqeadagi og‘riqni bermaydi deb doim aytganman. Biroq noto‘g‘ri o‘ylagan ekanman.
Men o‘rnimdan turib kurashishda davom etishim kerak. Hayot — kuchlilar uchun. O‘ylashimcha, men ulardan biriman.
Izoh (0)