Ella Koganning bronza haykallari sirli xususiyatga ega. Uning jonsiz ekanligini anglaysiz, shunga qaramay siz ko‘rgazma zalida ularni tomosha qilayotganingizda haykallar ham sizni kuzatayotganini beixtiyor sezasiz. Ushbu haykallar yonida odam o‘zini boshqa olamga tushib qolgandek his qiladi. Qandaydir sirli oltinchi hissiyot, sehr bu bronza jismlar ichida joylashgandek, deb xabar berdi Forum Daily.
Ella 16 yoshli o‘smir chog‘ida ota-onasi bilan Toshkentdan Nyu-Yorkka kelgan. Uning otasi Leonid Kogan — mumtoz sovet maktabining rassomi, Repin nomidagi san’at akademiyasining bitiruvchisi hisoblanadi.
Ella musiqiy maktabda fotepiano va vokal bo‘yicha ta’lim olgan hamda ushbu yo‘nalishda faoliyatini davom ettirishni niyat qilgan. Nyu-Yorkda u “Musiqa” mutaxassisligi bo‘yicha Xanter-kollejini tamomlagan.
Biroq tasviriy san’atga bo‘lgan genetik moyillik o‘zini ko‘rsatdi. 90-yillar oxirida plastilindan shakl yasash bo‘yicha berilgan uy vazifani tayyorlashga Ella shu darajada berilib ketgan ediki u vaqtning hisobini yo‘qotib qo‘ygan. Shundan so‘ng musiqa ikkinchi o‘ringa tushib qolib, birinchilikni haykaltaroshlik egallagan.
Ella 20 yildan ortiq vaqtdan beri loy va bronza bilan ishlaydi. Uning ishlari so‘nggi bir necha yildan beri Milliy san’at jamiyatida (National Arts Club) namoyish qilib kelinmoqda.
Ella haykaltaroshlik bilan maxsus ta’limsiz shug‘ullana boshlagan, keyinroq esa New Milford Art Center’da dars olgan. Bir yarim yilga yaqin 7-avenyuda joylashgan tikuvchining haykalini yaratgan mashhur haykaltarosh Judit Valler qo‘lida tahsil olgan. Ella undan hayotiy xissiyotlarga ega shakllarni yaratishni o‘rgandi.
Uning ayni vaqtdagi ko‘rgazmasida shu kabi haykallarining 20 ga yaqini namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazma Russian American Foundation fondi tomonidan tashkillashtirilgan.
Izoh (0)