Italiya muhojirlarni eltayotgan xorijiy kemalarga O‘rtayer dengizidagi portlariga kirishni taqiqlash bilan tahdid qildi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Italiyaning Yevroittifoqdagi vakili Mauritsio Massariga ko‘ra, mamlakatdagi vaziyat shunchalik jiddiyki, tuzilmaga a’zo boshqa davlatlar yordami talab etiladi.
“O‘rtayer dengizida qidiruv-qutqaruv operatsiyalari bilan shug‘ullanayotgan barcha kemalar Italiya portlariga kirishi mumkinligiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Biz Italiya bayrog‘i ostida suzmayotgan yoki Yevroittifoq missiyasi tarkibiga kirmaydigan kemalarga kirishni taqiqlashimiz mumkin”, — dedi Mauritsio Massari.
Yil boshidan beri Italiyaga salkam 73 ming muhojir keldi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14 foizga ko‘p. O‘rtayer dengizida qutqarilgan yana 10 ming muhojir ham mamlakatga yo‘l olgan.
Italiya o‘z tahdidlarini amalga oshirgudek bo‘lsa, bu O‘rtayer dengizida qutqaruv operatsiyalarini amalga oshirayotgan nodavlat tashkilotlari va mamlakatga mansub bo‘lmagan savdo kemalari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bildirilmoqda.
Izoh (0)