Qozog‘iston Respublikasining poytaxti Ostana shahrida Expo-2017 doirasida 26—27-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan “O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat” (Reading nation in reading world) xalqaro simpoziumida “Ziyouz.uz” elektron kutubxonasi ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Butun dunyodan 400 nafar ziyolilarni jamlagan ushbu anjumanni Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Qozog‘iston Respublikasi Milliy akademik kutubxonasi va Qozog‘iston madaniyat ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etgan.
Anjumanning birinchi kunida “Mutolaa va tafakkur”, “Bolalar va yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib etish”, “Biz nega o‘qiymiz?”, “XX asrgacha bo‘lgan turkiy manbalar” kabi mavzularda ma’ruzalar bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng ishtirokchilar Ostana shahrida bo‘lib o‘tayotgan Expo-2017 xalqaro ko‘rgazmasiga taklif qilindilar.
Simpoziumning ikkinchi kunida qatnashchilar 8 ta sessiyalarga bo‘linib, “Milliy axborot siyosati va xalqaro hamkorlik jarayonida milliy kutubxonalar”, “Kutubxonalar va muzeylar: ularning jamiyatdagi roli”, “Bolalar adabiyoti va zamonaviy ta’lim: tendensiyalar va istiqbollar”, “Jahon axborot tarmog‘idagi manbalar integratsiyasi”, “Turkiy xalqlar madaniy aloqalari” mavzularida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
“O‘qiyotgan dunyoda kitobxon millat” xalqaro simroziumi doirasida “5-Turkiy tilli o‘lkalar milliy kutubxonalari rahbarlari xalqaro konferensiyasi” ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiyada “Elektron kutubxona ma’lumotlar bazasini saqlashning muhim xususiyatlari” mavzusida ma’ruza qilgan va “Ziyouz” elektron kutubxonasi haqida taqdimot o‘tkazgan “Ziyouz.uz” elektron kutubxonasi rahbari Davronbek Tojialiyev Qozog‘iston Respublikasining “Kutubxona ishining ustasi” medali va Turkiya Respublikasi tarix va madaniyat assotsiatsiyasi nishoni bilan taqdirlandi.
Izoh (0)