Vazifalaridan biri mamlakat prezidentini qo‘riqlash bo‘lgan AQSh maxfiy xizmati matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali davlatning birinchi odami joniga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tendensiyalarni sinchiklab kuzatib bormoqda. Ayni paytda ular taniqli amerikalik aktyor Jonni Deppni kuzatmoqda. Bu haqda, ABC telekompaniyasiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Jonni Depp Glastonberidagi (Buyuk Britaniya) musiqa festivalida prezident Donald Trampning o‘ldirishi haqida gapirgan edi. Uning bu so‘zlari tahdid sifatida baholandi va u maxsus xizmatlar nigohi ostiga tushdi, deb xabar beradi agentlik.
ABC’ning tegishgli so‘roviga javob berarkan, AQSh maxfiy xizmati aniq ma’lumotlar keltirmadi, ammo bu mavzudagi barcha axborotni o‘rganib, o‘z metodlari bo‘yicha ishlashini bildirdi.
Glastonberidagi festival chog‘ida Tramp tilga olinganidan so‘ng Depp “Aktyor oxirgi marta qachon prezidentni o‘ldirgan?” qabilida provokatsion savol tashladi.
“Aniqlik kiritmoqchi edim. Men aktyor emasman. Men yashashga pul topish uchun yolg‘on gapiraman”, — qo‘shimcha qildi u.
Matbuotda taxmin qilinishicha, Depp AQShning 16-prezidenti Avraam Linkolnni nazarda tutgan. 1865-yil 14-aprelida Vashingtonda, “Amerikalik xolavachchamiz” spektakli namoyishi chog‘ida prezident aktyor Jon Uilks But tomonidan to‘pponchadan otib o‘ldirilgan edi.
Izoh (0)