Namanganda profilaktika inspektorlari uchun dastlabki 26 ta xizmat uyi foydalanishga topshirildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangiqo‘rg‘on, Chortoq va Uychi tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan profilaktika inspektorlari barcha sharoitlar muhayyo etilgan xizmat uylarining kalitlarini qabul qilib oldi. Marosimlarda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat IIB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov, tuman rahbarlari, mahalla faollari, ichki ishlar faxriylari ishtirok etib, profilaktika inspektorlari va ularning oila a’zolarini yangi xizmat turar joylari bilan samimiy qutladi.
“Ishga 35 kilometr uzoqdan qatnar edim. Xizmat uyi bilan ta’minlanishim aholi bilan tizimli muloqot qilishimda barcha imkoniyatlarni yaratib beradi. Turmush o‘rtog‘im, ikki nafar farzandim ham bundan behad xursand”, — deydi Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Rovut” va “Barkamol” mahalla fuqarolar yig‘inlariga xizmat ko‘rsatuvchi profilaktika inspektori, leytenant Alimardon Mirzavaliyev.
Izoh (0)